Shu kunlarda respublikamizda yetishtirilayotgan anor va xurmo mevalarining tez kunda pishib yetilishi va eksport jarayonlari boshlanishini inobatga olgan holda urug‘ hamda danak mevali bog‘larga jiddiy zarar yetkazib, eksport hajmining kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan “Komstok qurti” va “Anor mevaxo‘ri”ga qarshi kurashish maqsadida e’lon qilingan “Dolzarb o‘n besh kunlik” doirasida Navoiy viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi inspektorlari tomonidan targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.
bugungi kunda Navoiy viloyatida jami 102 gektar anor bog‘lari mavjud bo‘lib, shundan 42 gektari aholi tomorqalariga to‘g‘ri keladi.
Inspektorlar tomonidan “Komstok qurti” va “Anor mevaxo‘ri” zararkunandalari tarqalishining oldini olish maqsadida karantin dala nazorati ishlari amalga oshirilib, zararkunandalarga qarshi kimyoviy va biologik, agrotexnik yo‘l bilan kurash ishlari amalga oshirilmoqda.
Kimyoviy usulda daraxtlar “Komstok qurti” va “Anor mevaxo‘ri”ga qarshi mosplan, konfidor, karate va talstar preparatlari bilan ishlov beriladi. Biologik usulda esa psevdafikus laboratoriya va dala sharoitida ko‘paytirilib komstok qurti bilan zararlangan daraxtlarga qo‘yib yuboriladi. Ayni paytda ushbu zararkunanda bilan 182 gektar maydon zararlangan bo‘lib, Konimex tumanida 6 gektar, Qiziltepada 47 gektar, Navbahorda 35 gektar, Karmanada 42 gektar, Xatirchida 52 gektarni tashkil etmoqda.
“Dolzarb o‘n besh kunlik”da tuman va shahar inspektorlari tomonidan 22 ta fermer xo‘jaligida jami 114 gektar, 136 ta xonadon tomorqasida esa jami 5,4 gektar maydonda karantin dala nazorati ishlari amalga oshirildi. Inspektorlar tomonidan joylarda seminarlar tashkil qilinib “Komstok qurti” va “Anor mevaxo‘ri”ning zarari to‘g‘risida tushunchalar berilib tashviqot-targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, “Komstok qurti” koksidiyalar kenja turkumiga kiradigan hasharot, ichki va tashqi karantin ob’ekti hisoblanadi. Uning tanasi uzunligi 3-4 mm, tuxum qo‘yish davrida 5-6 mm ga yetadi. Tanasi oq mumsimon parda bilan qoplangan, chetlarida 17 juft mumsimon o‘siq, shu jumladan, tana uzunligining yarmigacha boradigan “Anor mevaxo‘ri” daraxtdagi gul, shona va mevalarni butun vegetatsiya mavsumi davomida zararlaydi. “Anor mevaxo‘ri”ning kapalaklari qanotlarini yozganda 12-14 mm. Tanasi 7-8 mm kulrang tusda bo‘ladi. Tuxumi oqimtir sariq, yuzasi g‘adir-budir, kattaligi 0,75-1 mm. Qurtlari 8-11 mm, och kulrang, boshi qo‘ng‘ir-qora rangda, g‘umbagi 8-9 mm jigarrang bo‘ladi.
Kapalak umri davomida yuztagacha tuxum qo‘yadi. Qulay sharoitda tuxumning rivojlanishi 5-7 kun, qurtning rivojlanishi yozda 20-25 kun davom etadi. Qurtlar anor donachalari bilan va donalar o‘rtasidagi pardalar bilan oziqlanadi. Oziqlanishni tamomlagan qurt meva kosachasida yoki uning ichida, po‘stlog‘i atrofida pilla o‘raydi. Meva kam bo‘lsa, qurtlar shoxlar po‘stlog‘i ostidagi lub bilan oziqlanadi. “Anor mevaxo‘ri”ning yozda to‘liq yetilishi 35-40 kun davom etadi. Yil davomida 5-6 ta avlod beradi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA