Xalq deputatlari Navoiy, Zarafshon shaharlari hamda Konimex, Navbahor tumanlari Kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalari bo‘lib o‘tdi.
Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov, sektorlar, tegishli tashkilot va muassasalar rahbarlari, mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirok etgan sessiyalarda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.
Unda Anvar Radjabov Zarafshon shahar hokimi lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga shu kunga qadar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi” davlat muassasasi direktori lavozimida faoliyat yuritgan Nazirjon Rahmonov Zarafshon shahar hokimi, Muratxan Egamqulov Konimex tumani hokimi lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga Navoiy viloyati prokurorining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan Ruslan Ro‘ziyev Konimex tumani hokimi, Lochin Oblaqulov Navbahor tumani hokimi lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga Navoiy viloyati mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan Azamat O‘roqov Navbahor tumani hokimi, Muhiddin Bozorov Navoiy shahar hokimi lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga shu kungacha Konimex tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Muratxan Egamqulov Navoiy shahar hokimi etib tayinlandi.
Sessiyada shu to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarorlari deputatlarga o‘qib eshittirildi hamda ular tomonidan tasdiqlandi.
Lavozimga tayinlangan hokimlar hududni barcha sohalar bo‘yicha rivojlantirishga oid ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritalari” bilan tanishtirdi.
Barcha sessiyalarda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha Kengashlarning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA