Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
12:50 / 2026-03-03

Navoiy davlat universitetida “Ta’lim muassasasida xavfsiz, hurmatga asoslangan ta’lim muhitini shakllantirishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Unda universitet psixologlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar, talaba-yoshlar, shuningdek, Navoiy shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida oliy ta’lim muassasasida xavfsiz va hurmatga asoslangan muhitni ta’minlash, pedagog va xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, kasbiy etika va kasbiy chegaralarga qat’iy rioya etish, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

***

Navbahor tuman Axborot-kutubxona markazi hamda Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamkorligida “Kitobxon onalar” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi.

Mazkur ko‘rik-tanlov kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, onalar o‘rtasida mutolaa an’analarini keng targ‘ib etish hamda yosh avlodni ma’naviy barkamollikka undash maqsadida tashkil etildi.

Unda ishtirokchilar o‘z bilim va salohiyatlarini belgilangan shartlar asosida sinovdan o‘tkazdi.  

Hakamlar hay’ati tomonidan qatnashchilarning nutq madaniyati, so‘nggi o‘qigan kitobini mahorat bilan sharhlab berish qobiliyati, shuningdek, o‘qilgan badiiy asarlarning asosiy g‘oyasi va tarbiyaviy ahamiyatini kitobxonlarga yetkaza olish mahorati baholab borildi.

Ko‘rik-tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda Axborot-kutubxona markazi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

***

Qiziltepa tumanidagi maktab o‘quvchilari o‘rtasida voleybol bo‘yicha “Tuman IIB boshlig‘i kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.

Murosasiz kechgan bahslar natijasida 2012-2013-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida 1-o‘rinni 28-maktab, 2014-2015-yillarda tug‘ilganlar o‘rtasida 16-maktab o‘quvchilari egallashdi.

G‘olib va sovrindorlar, shuningdek, eng yaxshi voleybolchi o‘smirlar tuman IIB boshlig‘ining diplom va sovg‘alari bilan taqdirlandi.

A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri