Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida kuchli ta’sir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
Tadbir jarayonida fuqaro Ch.U. tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan 19 quti va 100 kapsuladagi vositalarni fuqaro S.S.ga 4 million so‘m evaziga sotgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, tezkor tadbir davomida undan qo‘shimcha ravishda yana 13 quti va 100 kapsula kuchli ta’sir qiluvchi vositalar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251-1-moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
***
Zarafshon shahridagi Yoshlik mahallasida zamonaviy sport majmuasi – “Proform” foydalanishga topshirildi.


Nuroniylar va sportchilar ishtirok etgan tadbirda shahar hokimi Nazirbek Rahmanov so‘zga chiqib, yurtimizda sportni rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Mazkur sport majmuasi qariyb 1,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga tashkil etilgan. Bu yerda 50 turdagi zamonaviy sport anjomlari mavjud bo‘lib, bodibilding, aralash jang san’ati (MMA), erkin kurash va grepling kabi sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyati mavjud. Majmuada 10 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Tadbir davomida ishtirokchilar sportchilarning mashg‘ulot jarayoni va majmuada yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri