English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:14 / 2026-01-09

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Navoiy viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi 10 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmalariga, shuningdek, Xatirchi tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi hamda Respublika tez tibbiy yordam markazining Navoiy viloyati filialiga 1368 dona zamonaviy planshetlar topshirildi.

Mazkur texnik vositalar sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish va zamonaviy axborot texnologiyalarini tibbiyot amaliyotiga keng joriy etish, tibbiyot xodimlarining kundalik faoliyatini yengillashtirish, elektron hujjat aylanishini takomillashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va tezkorligini oshirishga xizmat qiladi.

Planshetlarni topshirish tadbirida so‘zga chiqqanlar ushbu tashabbus sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirishdagi muhim bosqich ekanini alohida ta’kidladi.

***

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti sport majmuasida professor-o‘qituvchilar hamda ishchi-xodimlar jamoalari o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha “Rektor kubogi” musobaqasi tashkil etildi.

Universitet jamoasi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jamoaviylik va hamjihatlikni mustahkamlash, shuningdek, sport orqali do‘stona muhitni yanada kuchaytirish maqsadida o‘tkazilgan musobaqada 10 dan ortiq erkak va ayollar jamoalari ishtirok etdi. 

Yakuniy natijalarga ko‘ra, ayollar o‘rtasidagi bahslarda 1-o‘rinni Kimyo-metallurgiya fakulteti, erkaklar o‘rtasida esa “Konchi” sport klubi jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Barcha g‘olib va sovrindor jamoalar munosib taqdirlandi.

***

Uchquduq tuman Ekologiya bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbiri davomida fuqarolar I.D. va Q.D. tomonidan belgilanmagan joyga qurilish chiqindilarini tashlash holati aniqlandi. 

Mazkur holat O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 91¹-moddasi 1-qismi talablariga zid hisoblanadi.

Aniqlangan qoidabuzarlik uchun fuqarolarning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobari miqdorida, ya’ni 1 million 648 ming so‘mdan jarima qo‘llanilib, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri