Navoiy viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasida “Qurilish ob’ektlarini onlayn kuzatish markazi faoliyatini raqamlashtirishda ishlab chiqilgan yangi dasturiy ta’minot taqdimoti” mavzusida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, qurilish ob’ektlari ustidan masofaviy va shaffof nazoratni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir davomida yangi dasturiy ta’minotning texnik imkoniyatlari, amaliy afzalliklari hamda kundalik nazorat jarayonlarida qo‘llash tartibi atroflicha tushuntirilib, qurilish jarayonlarini onlayn kuzatish, ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish va nazorat samaradorligini oshirish imkoniyatlari amaliy misollar asosida ko‘rsatib berildi.

Mazkur seminar xodimlarning raqamli savodxonligini yanada oshirish, ish jarayonlarini raqamlashtirish hamda qurilish sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
***
Konimex tumani kasb-hunar politexnikumida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyat Kengashi hamkorligida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida “Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish – dolzarb vazifa” mavzusida tadbir o‘tkazildi.

Unda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish haqida so‘z yuritilib, Ombudsmanga murojaatlar tahlil etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tegishli soha vakillaridan javob oldi.
***
Navoiy viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan Nurota tumanidagi Temirqovuq, Qizilcha, Soykechar, Jarma, Chuya oilaviy shifokor punktlari hamda tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida hudud aholisi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik va sayyor qabullar o‘tkazildi.

Unda viloyat davolash profilaktika muassasalari va tuman tibbiyot birlashmasining malakali tor soha mutaxassislari tomonidan aniqlangan kasalliklar yuzasidan kerakli davo tavsiyalar berildi.

Ko‘rik davomida 681 nafar fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 171 nafar bemorga ambulator sharoitda davolanishga tavsiya, 37 nafar bemorga tuman shifoxonasiga, 35 nafariga viloyat muassasasida hamda 1 nafar bemorga respublika darajasida davolanish uchun yo‘llanma berildi.

Shuningdek, sayyor qabul davomida aholining sohaga doir murojaatlari eshitilib, muammolarni joyida hal qilish choralari ko‘rildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri