Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:23 / 2025-11-01

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Navoiy viloyat Kengashi hamda viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazi o‘rtasida memorandum imzolandi.

Memorandumda jamiyatda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, yoshlarning mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, siyosiy ongi va dunyoqarashini kengaytirish, yoshlarda yuksak ma’naviyatni shakllantirish, ularni milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash kabi masalalar o‘rin olgan.

Tadbir davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilagan holda ma’naviyat darslari, ma’rifiy uchrashuvlar, vatanparvarlik mavzusidagi davra suhbatlari va madaniy-ma’rifiy loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib oldi.

***

Karmana tumanidagi 19-umumta’lim maktabiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi, Islom taraqqiyot banki hamda OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida zamonaviy 3D printer va robototexnika jihozlari topshirildi.

Tadbir doirasida informatika fani o‘qituvchilari va robototexnikaga qiziqqan yoshlar uchun maxsus trening tashkil etildi.  

Unda ishtirokchilarga robotlarni yig‘ish, ularni dasturlash hamda 3D modellashtirish bo‘yicha tushunchalar berildi.

Robototexnika ta’limi yoshlarning ijodkorligini, muammolarni hal qilish salohiyatini va raqamli texnologiyalarga moslashuvchanligini oshirib, ularni global mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar etib tayyorlashga xizmat qiladi.

***

Zarafshon shahridagi Yangi Zarafshon mahallasida tadbirkor Zilola Iskandarova tomonidan tashkil etilgan “Ziyo kids” maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘z faoliyatini boshladi.  

Unda so‘zga chiqqanlar maktabgacha ta’lim tashkilotlarini rivojlantirish borasida yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, bu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida to‘xtalib o‘tdi.  

Ushbu xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti 1,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan bo‘lib, 60 o‘ringa mo‘ljallangan va 12 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri