Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:16 / 2025-10-25

Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazi tomonidan Qiziltepa tumanidagi 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Tajriba, innovatsiya va o‘sish ijtimoiy fanlar o‘qituvchisining yo‘li” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.

Seminar-trening ijtimoiy fan o‘qituvchilarida zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodik yondashuvlar bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarni oshirish, tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish, ta’lim jarayonida samaradorlikni ta’minlash hamda uzluksiz kasbiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.

Unda o‘qituvchilarning ilg‘or tajribasi va faoliyati davomida qo‘llab kelayotgan zamonaviy metodikalarini ommalashtirish tartibi, ijtimoiy fanlarni o‘qitishda zamonaviy pedagogik texnologiyalar hamda platformalardan samarali foydalanish masalalari haqida so‘z yuritildi.

Tadbir davomida o‘qituvchilar bilan o‘quvchilarda tahlil qilish ko‘nikmasini shakllantirishda “O‘z o‘rningni top” uslubi yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, refleksiya metodlarini qo‘llash usullari muhokama qilindi.

***

Xatirchi tumanida aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish, infratuzilmani yaxshilash va hududni obodonlashtirish maqsadida ichki yo‘llar bosqichma-bosqich asfaltlanmoqda.

Loyiha doirasida asosiy ko‘chalar va aholi zich yashaydigan hududlardagi yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizilmoqda.

Mazkur ishlar tuman markazidagi 9 ta mahallada amalga oshirilmoqda.

***

Navoiy innovatsiyalar universiteti Ma’naviyat bo‘limi va Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamkorligida “Yurt himoyasi – eng oliy burch!” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik festivali tashkil etildi.

Festival doirasida Navoiy garnizonida joylashgan harbiy qismlar orkestrlari ishtirokida musiqiy chiqishlar, faxriy qorovul jamoalarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.

Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan harbiy va qutqaruv sohasidagi zamonaviy texnik vositalar namoyish qilingan bo‘lsa, Ichki ishlar boshqarmasi Kinologiya xizmati xodimlari itlar bilan ishlash jarayonini amalda ko‘rsatib berdi.  

Tadbir yakunida yoshlarga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Navoiy viloyati tomonidan kitoblar sovg‘a qilindi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri