Navoiy davlat universiteti Aniq fanlar fakulteti tomonidan “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida navbatdagi ezgu tashabbus amalga oshirildi.
Fakultet professor-o‘qituvchilarihamda “Yosh ko‘makchi” ko‘ngilli talabalardan iborat jamoa Karmana tumanidagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, o‘quvchi va o‘qituvchilarga 250 dan ortiq badiiy adabiyot va she’riy to‘plamlar sovg‘a qilishdi.
– Ma’rifat ulashish va bilim tarqatish jamiyat taraqqiyoti hamda har tomonlama rivojlanishning muhim omillaridan biridir, – deydi fakultet dekani o‘rinbosari G‘iyos Yusupov. – Bu jarayon ilm-fan, ta’lim, madaniyat va texnologiyalar orqali turli soha vakillariga bilim berishni o‘z ichiga oladi. Kitob esa barcha bilimlarning kalitidir. Bu hikmat bejizga aytilmagan. Kitoblar orqali bilim tarqatish, o‘quv madaniyatini rivojlantirish va kitobxonlikni qo‘llab-quvvatlash ma’rifatli jamiyatning ajralmas qismidir. Sovg‘a sifatida kitob berish insonlar orasida ma’rifat tarqatishning eng oddiy, ammo samarali usullaridan biridir.
Tadbirda o‘quvchilar bilan turli mavzularda suhbatlar qilinib, ularga kitoblar taqdim etildi.




***
“Navoiyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan Yoshlik mahallasida profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Unda iste’molchilarga zamonaviy energiya tejamkor gaz yondirgichlaridan foydalanish, ularning afzalliklari, is gazi to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi.
– Kuz-qish mavsumi tabiiy gaz iste’molchilari uchun hushyorlikni talab qiladigan mas’uliyatli palla, – deydi “Navoiyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi yetakchi muhandisi Shokir Rasulov. – Bu mavsumda, ayniqsa, xonadonlarni isitishda gaz pechlarining sozligi, dudburonlarning tozaligiga e’tiborli bo‘lish kerak. Bularga ahamiyat qaratmaslik is gazidan zaharlanishga olib kelishi mumkin. Is gazi rangsiz, hidsiz bo‘lib, o‘limgacha olib boradi. Bugungi targ‘ibot tadbiri davomida xonadonma-xonadon yurib, is gazidan ogoh bo‘lish, uning oldini olish borasida iste’molchilarga tushunchalar berdik.
Targ‘ibot tadbirlari mahallalar kesimida davom etib, tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanishga oid eslatmalar tarqatilmoqda.



***
Navoiy shahrida migratsiyadan qaytgan va xorijda ishlash istagida bo‘lgan xotin-qizlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda so‘zga chiqqanlar ayollar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunar o‘rganishga, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga va ijtimoiy faolligini oshirishga ko‘maklashish masalalari haqida so‘z yuritib, mamlakatimizda ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.



Xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning bandligini ta’minlash hamda ularga xavfsiz mehnat migratsiyasi masalalarida amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri