Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
10:59 / 2025-10-20

Navoiy shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi hamda O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik Respublika tashxis markazi hamkorligida umumta’lim maktablari psixolog va inspektor-psixologlari uchun seminar tashkil etildi.

Giyohvandlik vositalar iste’molini erta aniqlash, maktab psixologlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, shu orqali profilaktika ishlarini yanada samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyaning dolzarb jihatlari, ichki ishlar organlari tomonidan giyohvand moddalarining noqonuniy muomalasiga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, giyohvand va zaharvand moddalarga qaramlikning psixologik va ijtimoiy omillari kabi mavzularda so‘z yuritdi.

 Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi. 

***

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga qarashli Navoiy akademik litseyida raqamli texnologiyalar asosidagi dars mashg‘ulotlari samarali yo‘lga qo‘yilgan. 

Litseyda informatika, kiberxavfsizlik, kriptografiya, dasturlash asoslari kabi zamonaviy fanlar maxsus o‘quv dasturlari asosida o‘rgatilmoqda. 

– Ta’lim jarayonida interaktiv metodlar – amaliy topshiriqlar, simulyatsiyalar, onlayn testlar, kod yozish mashg‘ulotlari keng qo‘llanilib, o‘quvchilar faolligini oshirish, mavzuni teran anglash va real hayotda qo‘llashiga tayyorlashda xizmat qilmoqda, – deydi litsey o‘qituvchisi Erkinjon Berdiqulov. –Litseyda raqamli savodxonlikka alohida urg‘u berilib, o‘quvchilarga kiberxavfsizlik tushunchasi, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, ijtimoiy tarmoqda xavfsiz harakatlanish kabi ko‘nikmalar singdirilmoqda. Kriptografiya va axborotni kodlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda esa zamonaviy axborot himoyasi usullarini o‘rganmoqda.

Litseyda darslar zamonaviy kompyuter texnologiyalari, internet resurslari va multimedia vositalari asosida tashkil etilgan.

***

IIV Akademiyasi mas’ul xodimlari ishtirokida Navoiy viloyat IIBda xizmat qilayotgan yosh xodimlar faoliyatini tizimli o‘rganish va monitoring qilish maqsadida uchrashuv o‘tkazildi. 

Unda yosh bitiruvchilarning xizmat faoliyatida uchrayotgan muammolar, duch kelayotgan qiyinchiliklari yuzasidan so‘rovnomalar olinib, zarur tavsiyalar berildi.

Shuningdek, IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda Navoiy viloyat IIB mas’ullari ishtirokida Karmana tumanidagi Beshkent, Arg‘un hamda Xatirchi tumanidagi Navbahor mahallalarida mahalla yettiligi vakillarining ijtimoiy profilaktika tizimiga oid bilim va kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlari o‘tkazildi. 

To‘rt kun davom etgan o‘quv mashg‘ulotlarida xodimlarga zarur bilim va ko‘nikmalar berildi.

***

Navoiy viloyati ekologiya boshqarmasi va uning hududlardagi bo‘limlari davlat inspektorlari tomonidan doimiy profilaktik tadbirlar olib borilishiga qaramasdan ayrim fuqarolar tomonidan ekologik qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Jumladan, Zarafshon shahar ekologiya bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan shahar prokuraturasi, IIB hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda “Bahor” va “Navro‘z” MFY hududlarida olib borilgan navbatdagi nazorat reyd tadbirlari davomida bir kunda to‘qqiz nafar huquqbuzarlar qurilish chiqindilarini belgilanmagan joyga tashlaganligi aniqlandi.

Mazkur holat bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 91-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 9 million 476 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi.

A.Bo‘riyev, O‘zA