O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi va partiyaning Navoiy shahar bo‘limi tomonidan “NKMK”AJ ga qarashli “Qizilqum” kon boshqarmasida “Eng faol BPT” loyihasi doirasida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda partiyaning jamiyatdagi nufuzini oshirish, elektorat manfaatlarini himoya qilish va aholi ishonchini mustahkamlashda quyi bo‘g‘in yetakchilarining siyosiy jihatdan yetukligi katta ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlanib, O‘zLiDePning strategik maqsadlari, partiya faoliyatini yanada kuchaytirish yo‘llari va jamiyatdagi roli haqida fikr almashildi. Partiyaning saylovoldi dasturida belgilab olingan maqsad va tashabbuslar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida batafsil ma’lumot berildi.


Shuningdek, yig‘ilishda quyi bo‘g‘in rahbarlarining mas’uliyati va tashabbuskorligini oshirish, yangi a’zolarni jalb etish va partiyaviy ishlarni yanada samarali tashkil etish, elektorat bilan muloqotni kuchaytirish va aholi muammolarini hal etishdagi ishtiroki haqida so‘z yuritildi.


Yig‘ilish yakunida mazkur muassasada faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh BPT faollariga partiyaning esdalik sovg‘alari topshirildi.
***
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida ijtimoiy xizmatlarni yanada samarali tashkil etish maqsadida uch kunlik o‘quv-seminar o‘tkazildi.


Unda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun vaucher asosida yangi turdagi xizmatlardan foydalanish tartibi, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, kunduzgi qarab turish, shaxsiy yordamchi xizmati faoliyatini tashkil etish, shuningdek, mijoz bilan to‘g‘ri muloqot o‘rnatish va xizmat sifati standartlarini ta’minlash bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Tadbirda kunduzgi qarab turish xizmatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar hamda ularning xodimlariga sohaga oid amaliy ko‘nikmalar va zamonaviy yondashuvlar o‘rgatildi.
***
Navoiy shahridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.


Uchrashuvda soliq imtiyozlari va yangi imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun soliq qarzini to‘lash muddati 2028 yil oxirigacha kechiktiriladi, issiqxona daromadi umumiy daromadning kamida 60 foizini tashkil etsa, ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi va yer fondi toifasidan qat’iy nazar, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun belgilangan soliq stavkalari qo‘llaniladi.

Tadbirda tadbirkorlar imtiyozli kredit olish, QQS guvohnomasini tiklash, kadastr hujjatlari, yer toifasini o‘zgartirish hamda isitish tizimlaridagi muammolar yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
Murojaatlarning aksariyatiga joyida yechim topilgan bo‘lsa, vaqt va o‘rganish talab etiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga topshiriqlar berilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
***
Navoiy shahridagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 11 oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan “Dunyoni tinchlik va ezgulikka ilhomlantiramiz” shiori ostida “Kitobxon qizlar kuni” tadbiri tashkil etildi.



Tadbirda yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, o‘qishga bo‘lgan qiziqishni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, “Mushoira”, “Zakovat”, shaxmat va rasm chizish bo‘yicha tanlovlar tashkil etildi.



Ularda ishtirokchilar o‘z iqtidorlarini namoyon etib, ijodiy va intellektual salohiyatini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA