Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:09 / 2025-07-25

Xatirchi tumanidagi “National Ceramics” MCHJ tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida yillik 350 ming tonna dala shpati va kvars konsentrati ishlab chiqarmoqda.

100 ga yaqin ishchi faoliyat olib borayotgan korxonada 2024 yilda 5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilinib, ishlab chiqarish modernizatsiya qilingan edi.

Bugungi kunda korxona respublikamizdagi keramika zavodlarini sifatli xom ashyo bilan ta’minlamoqda.

Hozirda bu yerda 16 million dollarlik yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Loyiha yakunlangach, yana 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

***

2025 yilning 21-28 iyul kunlari Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi “yashil” foydali qazilmalar sohasidagi hamkorlik forumi o‘tkazilmoqda.

Mazkur forumda rangli va qimmatbaho metalllar (oltin, kumush, mis, surma)ni qidirish, qazib olish, qayta ishlash, shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda texnologik uskunalar ishlab chiqarish, yirik infratuzilmaviy, energetika va resurslarni boshqarish sohalarida faoliyat olib borayotgan Xitoyning 30 dan ortiq yirik kompaniya vakillari ishtirok etmoqda.

Forum doirasida tadbir ishtirokchilari Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida “NKMK tarixi” muzeyi va Navoiy mashinasozlik zavodiga tashrif buyurdi.

– NKMK dunyo tog‘-kon sanoatida yuqori salohiyatga ega. Bugun kombinatda amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida keng ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi Xitoy tadbirkorlarining O‘zbekistondagi assotsiatsiyasi bo‘lim boshlig‘i Meng Fanyu.

Tashrif davomida kombinatning ishlab chiqarish va iqtisodiy salohiyatini namoyon etuvchi taqdimot hamda videorolik namoyish etildi.

***

“Navoiy mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi buyurtmachiligi asosida Xatirchi tumanida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda.

“Tashabbusli byudjet” dasturining 1-mavsumi doirasida Navro‘z mahallasida 3,3 km, Yangi Qurilish mahallasida 2,2 km, Zarafshon mahallasida 3,3 km ichki xo‘jalik yo‘llariga asfalt-beton qoplamasi yotqizilmoqda.

Mazkur ishlar hudud aholisiga qulay va xavfsiz harakatlanish imkonini yaratishga, shuningdek, ichki yo‘llarning holatini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri