English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
20:33 / 2025-07-12

Karmana tuman Madaniyat markazida O‘zLiDeP tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab tadbirkor, hunarmand va ishbilarmon xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ko‘rik-tanlovda oilaviy tadbirkorlik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik faoliyatlarida salmoqli yutuqlarga erishib, aholi bandligiga ko‘maklashishda faollik ko‘rsatib kelayotgan tadbirkor ayollarning o‘zlari tayyorlagan mahsulotlari hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqildi va baholandi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, “Karmana Samo-yulduzlari” MCHJ, “Navoiy Sumayya” MCHJ hamda “Davrbek-Davron kelajagi” xususiy korxonalari ta’sischisi Shoxista Hikmatova 1-o‘ringa loyiq ko‘rildi va tanlovning navbatdagi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.  

– Ushbu tanlovda birinchi marta ishtirok etdim, – deydi Sh.Hikmatova. – Faoliyatimni 1999 yilda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida boshlagan bo‘lsam, bugungi kunga kelib 3 ta korxonaning ta’sischisiga aylandim. Hozirda 2 ta mehmonxonalar tarmog‘i, 3 ta supermarket va 3 ta umumiy ovqatlanish shoxobchalarida 50 dan ortiq ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatadi. Ayni paytda tuman markazida 3 yulduzli mehmonxona qurilishini boshlab yuborganmiz va mehmonxonaning ishga tushishi natijasida kamida yana 70 ga yaqin kishining bandligi ta’minlanadi. Tanlov davomida o‘zim kabi tadbirkor ayollar bilan tanishdim. Ayrim mahsulotlarni xarid qilish borasida tadbirkorlar bilan shartnomalar imzoladik. Bu tanlov men uchun juda manfaatli, foydali tanlov bo‘ldi.  

Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.

***

Navoiy viloyati IIB boshlig‘i Azat Tasbayev ishtirokida shaxsiy qabul tashkil etildi.

Unda 15 nafarga yaqin fuqaroning murojaatlari o‘rganildi.  

Qabul davomida fuqarolarning ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq turli masalalari, ijtimoiy, tibbiy muammolari bilan bir qatorda turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan talab va takliflari ham tinglandi.  

Mavjud muammolarning aksariyati mas’ul xodimlar ishtirokida joyida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganishlarni talab etgan murojaatlar alohida nazoratga olindi.  

***

Navoiy shahrida “O‘zmilliybank” AJ Navoiy viloyati Bosh boshqarmasi tasarrufida aholi uchun yanada qulayliklar yaratish maqsadida yangi “Xalqlar do‘stligi” bank xizmatlari ofisi tashkil etildi.  

Bugungi kunda bank xizmatlari ofisi tomonidan 2100 nafarga yaqin mijozga chakana xizmatlar, xususan, omonat, kredit, plastik kartochkalar, xalqaro pul o‘tkazmalari hamda kassa xizmatlari ko‘rsatilib kelinmoqda. Ofisda jismoniy shaxslarga mikroqarz, avto, ipoteka, ta’lim hamda boshqa turdagi iste’mol kreditlari ajratilmoqda.  

Shuningdek, Navoiy shahrining Amir Temur ko‘chasida ham bankning “Yoshlik” bank xizmatlari ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ayni paytda mazkur maskanda 2200 dan ortiq mijozga turli bank xizmatlari ko‘rsatilmoqda.  

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri