Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:05 / 2025-07-11

Markaziy kon boshqarmasiga qarashli “Balpantov” kareri istiqbolli konlardan biri bo‘lgan “Beshapantov” koni tarkibiga kiradi. Mazkur karerda 2022 yildan boshlab oltin tarkibli ma’dan qazib olish ishlari amalga oshirilmoqda.

– Bugungi kunda “Balpantov” karerida murakkab kon-geologik tuzilishiga ega ma’danlarni qazib olish ishlari olib borilmoqda, – deydi kon bosh muhandisining o‘rinbosari Furqat Jumayev. – Bu ishlarga zamonaviy burg‘ilash uskunalari, gidravlik ekskavatorlar, avtoag‘dargich kabi og‘ir konchilik texnikalaridan keng foydalanilmoqda. Qazib chiqarilayotgan tog‘ jinslari temir yo‘l orqali 2-gidrometallurgiya zavodiga qayta ishlash uchun tashilyapti. Kelajakda ushbu karerning uzunligi qariyb 1370 metr, eni 1350 metr va chuqurligi 200 metrni tashkil etadi.  

Karerda yiliga 10 million kubometr tog‘ jinslari qazib olinishi rejalashtirilgan.

***

Tomdi tumanidagi Sharq ovuli aholisi uchun “Xalqqa xizmat – oliy qadriyat” shiori ostida kouching tashkil etildi.  

Unda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari tomonidan ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy xizmatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Interaktiv o‘yinlar asosida o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar tomonidan ijtimoiy himoya ko‘lamini kengaytirish va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda aholi uchun qulayliklarni oshirish borasida fikr va takliflar bildirildi.

Tadbirda ishtirokchilar reabilitatsiya texnik vositalaridan foydalanish va protez-ortopediya mahsulotlari, bola puli, nafaqa pulini olish, bir martalik kompensatsiya to‘lovlari, sanatoriylarga yo‘llanma berish, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

***

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida viloyat Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar boshqarmasi hamda qator hamkor tashkilotlar ko‘magida “Karera kuni” – mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.  

Unda “Navoiy kon metallurgiya kombinati”, “Navoiyazot”, “NavoiyIES” kabi aksiyadorlik jamiyatlari, “Navoiyuran” davlat korxonasi, “Gidrostankoservis”, “SOLAR ENERGY NAVOIY” MCHJ kabi 20 ga yaqin yirik ish beruvchi korxona va tashkilotlar bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.  

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri