“Yoshlar ovozi” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichida baxshilik yo‘nalishi bo‘yicha 16–20 yosh toifasi orasida Navoiy viloyati, Zarafshon shahridagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 9-sinf o‘quvchisi Baqitjan Sabirov va “Amanat” etno-ansambli birinchi o‘rinni egalladi.


G‘oliblar Yoshlar ishlari agentligining 1-darajali diplomi va 50 million so‘m pul mablag‘i bilan taqdirlandi.
***
Zarafshon shahar Yulduz mahallasida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamda “Med Logoped Senter Zarafshon” NMTT hamkorligida davlat-xususiy sheriklik asosida 24 o‘rinli kunduzgi parvarish xizmati tashkil etildi.

Ushbu xizmat 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalarga kunduzi qarab turish xizmati hisoblanadi.

Bolalarni parvarishlash, birlamchi o‘ziga xizmat qilishni o‘rgatish bilan birga, ota-onalari bemalol ishlash imkoniga ega bo‘ladi. Bu xizmat davlat tomonidan bepul amalga oshiriladi.
***
Xalq deputatlari Karmana tumani Kengashida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Navoiy viloyat bo‘linmasi tomonidan xalq deputatlari viloyat Kengashi bilan hamkorligida “Mahalliy kengashlar faoliyatini yanada yaxshilashda yangicha yondashuv va talablar” mavzusida o‘quv-seminari o‘tkazildi.

Deputatlar, mahalla raislari, kotibiyat bosh mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda mahalliy vakillik organlari faoliyati samaradorligini oshirish, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki, hokimlar hisobdorligini kuchaytirish va sessiya faoliyatini jonlantirish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili hamda mahalliy vakillik organlarining nazorat faoliyatining yangicha tizimi, vakillik organlarining ijro hokimiyati faoliyati ustidan samarali nazoratni amalga oshirishning ustuvor vazifalari, Mahalliy Kengash faoliyatini samarali tashkil etishning o‘ziga xos jihatlari, deputatlarning faolligini oshirish va ularni jamoatchilik bilan bevosita muloqotga jalb etish kabi masalalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri