“Navoiyuran” davlat korxonasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni kengaytirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, korxonada 2022-2024 yillar davomida quvvati 2205 kVt bo‘lgan foto elektr stansiyalari o‘rnatilib, ishga tushirildi. Bundan tashqari, 2025 yilda esa 13 ta ob’ektning bo‘sh maydon va binolariga quvvati 1200 kVt bo‘lgan foto elektr stansiyalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Shuningdek, hozirgi kunda korxona tashkiliy tuzilmalarini doimiy issiq suv bilan ta’minlash maqsadida 215 ta gelioqurilma joriy etilgan.



***
Turkiyaning Dumlupinar universiteti professorlari Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti talabalari hamda magistrlariga ikki haftalik dars mashg‘ulotlari o‘tmoqda.
Konchilik fakultetida davom etayotgan amaliy seminarlar Yevropa Komissiyasining “Erasmus+” (“Oliy ta’limda salohiyatni oshirish”) dasturi tomonidan moliyalashtirilgan “Eko-kon va tabiiy resurslarni innovatsion boshqarish” loyihasi doirasida bo‘lib o‘tyapti.


***
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi va tadbirkor o‘rtasida bitim imzolanib, Navoiy shahridagi Binokor mahallasida davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimizning 2025 yil 3 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2025 yil 1 martdan boshlab, bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilishi belgilangan edi.
Ushbu loyiha og‘ir va o‘ta og‘ir tashxisli bolalarga kunduzi qarab turish xizmati hisoblanadi. Bolalarni parvarishlash, birlamchi o‘ziga xizmat qilishni o‘rgatish bilan birga ota-onalari bemalol ishlash imkoniga ega bo‘ladi. Bu xizmat davlat tomonidan bepul amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda Navoiy, Zarafshon shaharlari, Karmana va Qiziltepa tumanlarida kunduzgi parvarishlash xizmati yo‘lga quyilib, 75 nafar nogironligi bo‘lgan bolalarni jalb qilinishi rejalashtirilgan.


***
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbiri davomida Karmana tuman IIB JXX Probatsiya nazorat ostidagi shaxslar bilan profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbir davomida nazorat ostidagi jinoyat sodir etishga moyil shaxslar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida futbol va voleybol musobaqalari, ayollar o‘rtasida shaxmat va shashka musobaqalari, nazorat ostidagi ishsiz shaxslar bandligini ta’minlash maqsadida “Mehnat yarmarkasi” tashkil etildi.


Uchrashuvlarda 14 nafar shaxsning muammolari borligi aniqlanib, hal etish maqsadida sohaviy xizmatlar va hamkor tashkilotlarga kerakli ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi. Tuman sudi tomonidan o‘tkazilgan sayyor sudda esa 15 nafar shaxs jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri