Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Navoiy viloyat hududiy partiya tashkiloti Navoiy shahar Kengashi deputatlik guruhining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining shahardagi ijrosi yuzasidan eshituvi bo‘lib o‘tdi.
Unda Navoiy shahrida faoliyat olib borayotgan 23 ta maktabda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Ta’kidlanganidek, shahar maktablari ichida birortasi ta’lim darajasi past maktablar ro‘yxatiga kiritilmagan, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish darajasi esa 89,2 foizni tashkil etib, respublikada birinchilikni qo‘lga kiritgan.

Eshituv yakunida Navoiy shahrida maktabgacha va maktab ta’lim tizimidagi kompleks chora-tadbirlarni sifat jihatdan yangi bosqichga chiqarish, mutasaddi tashkilotlar va deputatlik guruhi a’zolarining hamkorligini kuchaytirish borasida kelishib olindi.
***
Nurota tumani hokimi A.Fayziyev xitoylik investor “Xinlong mining drilling” MCHJ QK rahbari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Nurota tumanida “Sochma oltin konlaridan oltin qazib olishni tashkil etish” loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Mazkur loyiha Sentob mahallasi Sob qishlog‘ida amalga oshirilib, bugungi kunga qadar 2 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.
Uchrashuv davomida tumanning investitsiyaviy salohiyati to‘g‘risida ma’lumotlar berilib, ushbu yo‘nalishdagi loyihalarni kengaytirish takliflari ilgari surildi.
***
Respublika Bolalar kam invaziv va endoskopik xirurgiya ilmiy-amaliy markazining malakali mutaxassislari Navoiy viloyatida bo‘ldi.

Ular dastlab viloyat Perinatal markazida 3 nafar bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Ularning 2 nafariga konservativ davo tavsiya etilgan bo‘lsa, 1 nafar bemorga ixtisoslashgan xirurgiya markaziga jarrohlik amaliyoti uchun yo‘llanma berildi.
Karmana tuman tibbiyot birlashmasida esa 22 nafar bemor ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 1 nafarida yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Mutaxassislar tomonidan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 14 nafar bemor ambulator ko‘rikdan o‘tkazildi. Ulardan 3 nafarida kam invaziv jarrohlik amaliyotlari amalga oshirildi.
***
Xatirchi tumani “Oq oltin” MFYda maqsadli tibbiy ko‘rik tashkil etilib, 279 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Unda tuman markaziy shifoxonasi va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mutaxassislaridan kardiolog, travmatolog, nevropatolog, xirurg, pediatr, oftalmolog, LOR, endokrinolog, akusher-ginekolog, dermatolog, onkolog, ftiziatr ishtirok etdi.

Tibbiy ko‘rik jarayonida turli kasalliklar aniqlangan 53 nafar fuqaroga ambulator sharoitda davolanishga, 4 nafar bemorga esa tuman shifoxonasida davolanish uchun yo‘llanma berildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri