Navoiy davlat universitetida ta’lim jarayonlarini samarali boshqarish va talabalarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilashga qaratilgan “Registrator ofisi” tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Ofisning asosiy vazifasi talabalarga xizmat ko‘rsatish, akademik faoliyatni tashkil etish hamda ta’lim jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, tizimda byurokratik to‘siqlar yuzaga kelishining oldini olish va tahliliy ma’lumotlarni shakllantirishdan iborat.
“Registrator ofisi”da xizmat ko‘rsatish (front offie) va ma’lumotlar bazasi (bak offie) bo‘limlari faoliyat olib bormoqda.



***
Navoiy viloyati prokurori Azamat Mirzayev boshchiligida viloyatda sanitar tozalash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, mazkur xizmatlar uchun to‘lovlar ahvoli va ularni undirishga qaratilgan vazifalarga oid yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda viloyat ekologiya, moliya, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish boshqarmalari, “Chiqindi poligonlarini boshqarish” direksiyasi hamda viloyat hududida chiqindi sohasida xizmat ko‘rsatayotgan “Stimul Navoiy” va “Mironshoh Komfort Servis” MCHJlar rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda tegishli mutasaddi tashkilotlar mutaxassislaridan iborat Ishchi guruhlar tashkil etish, viloyatning barcha hududlaridagi mavjud muammolarni o‘rganish va natijasi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, sanitar tozalash xizmatlari uchun shartnomalar tuzish hamda mavjud qarzdorliklarni bartaraf etish, ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, elektron to‘lov tizimini to‘liq joriy qilish, belgilanmagan joylarga maishiy chiqindilar tashlanishining oldini olish maqsadida hududlarni kameralashtirish ishlarini jadallashtirish va alohida nazoratga olish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.


***
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining psixologlari, supervayzerlar va ijtimoiy xodimlar faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi.
Unda ehtiyojmand aholi qatlamini og‘ir ijtimoiy vaziyatdan chiqarish, ularga har tomonlama ko‘mak berish, ijtimoiylashuvini ta’minlash hamda kambag‘al oilalarning zaruriy bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida tashkil etilgan “Farovon oila” treninglarini samarali yo‘lga quyish, murojaatlarni tinglashda to‘g‘ri muloqot yo‘llari yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Trening davomida ishtirokchilar jamoalarga bo‘lingan holda turli interaktiv o‘yinlarda ham ishtirok etdi.


***
Navoiy viloyati IIB boshlig‘i Azat Tasbayev Xatirchi tumanining Jaloyir mahallasida istiqomat qiluvchi turmush sharoiti og‘ir, daromadi kam fuqarolar xonadonida bo‘ldi.
Mutasaddilar oilalar imkoniyatlarini o‘rgangan holda ularga tadbirkorlik faoliyatini boshlashda amaliy yordam berdi. Nogironligi mavjud hamda tibbiy xizmatga muhtoj oila a’zolariga ko‘mak ko‘rsatdi.



O‘rganishlar davomida kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar, imtiyozlar, subsidiyalar, kasbga o‘qitish va ishga joylashtirish masalalari bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri