Navoiy shahrida “Masofaviy xizmat ko‘rsatish” markazi o‘z faoliyatini boshladi.
“Haul World Transportation Navoiy” MCHJ IT-parkning rezidenti hisoblanib, AQSHga masofadan turib autsorsing xizmatini ko‘rsatadi. Hozirda markazda 6 nafar ishchi o‘rni yaratilgan bo‘lib, kelgusida ishchi o‘rinlar sonini 20 taga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, 30 nafardan ortiq yoshlarni kasbga o‘rgatish va qisqa vaqt ichida ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu kompaniya tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar ulushi Navoiy viloyati eksport ko‘rsatkichlari oshishiga ham xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.


***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 31 oktyabrdagi “Navoiy davlat universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy davlat universiteti hamda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Unga ko‘ra, boshqarmada Navoiy davlat universitetining “Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi” kafedrasi filiali tashkil etildi.

Shuningdek, Navoiy davlat universiteti huzuridagi akademik litseyida universitetning “Biologiya” kafedrasi filiali ochildi.
Kafedra filiallari faoliyati yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, unda hamkor tashkilotlar o‘rtasida yoshlarning ta’lim va tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilgan holda o‘quv, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarini rivojlantirish belgilangan.
***
Navoiy shahri Bunyodkor mahallasida yashovchi aholining elektr energiyasi iste’moliga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirish maqsadida quvvati 400 kVA bo‘lgan 798-sonli transformator punktidan chiquvchi havo tarmog‘i yangilanmoqda.

Hududda 30 dona yangi temir-beton tayanchi o‘rnatilib, 1,2 km qismida modernizatsiya qilish ishlari olib borildi.
Ushbu tadbirlar natijasida iste’molchilarga yetkazib berilayotgan elektr energiyasining tarmoqlarda yo‘qolishlarining oldi olinib, elektr energiyasi yanada yaxshilanishiga erishiladi.

***
Karmana tumani Xalq qabulxonasida tuman hokimi Valijon Adizov rahbarligida hokim o‘rinbosarlari, tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda fuqarolar ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda fuqarolar bandlik, moddiy yordam olish, tibbiy sohada amaliy ko‘mak berish va boshqa bir qator masalalarda murojaat qildi.

Qabul davomida fuqarolarning 15 ga yaqin murojaati tinglanib, ularning 5 tasi joyida ijobiy hal etildi. 4 tasi mas’ullarga biriktirildi, qolgan murojaatlar bo‘yicha huquqiy tushunchalar berildi.
Shuningdek, tuman IIB JXX Probatsiya guruhi nazoratida turuvchi yoshlarning ijtimoiy muammolari o‘rganildi.


Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri