Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
12:11 / 2024-09-22

Xatirchi tumani “Binokor” mahallasi hududidagi “Intilganga tole yor” fermer xo‘jaligida Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi tuman bo‘limi va tuman Qishloq xo‘jaligi bo‘limi tomonidan 2025 yil hosili uchun bog‘ qator oralariga to‘qsonbosti ekinlari ekish bo‘yicha seminar tashkil etildi.

Navoiy viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi mas’ul xodimlari, sohaga aloqador tashkilot rahbarlari va xodimlari, tumandagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etgan seminarda mutasaddilar tomonidan sabzavotlarni ekishdan to pishib yetilgunigacha bo‘lgan jarayon haqida ma’lumot berildi.  

Shuningdek, tumanning tuproq-iqlim sharoitini inobatga olgan holda ochiq maydonlarga va bog‘-tok qator oralariga to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini ekish va parvarishlash bo‘yicha ham tavsiya, ko‘rsatmalar berildi.

***

Bugungi kunda aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Amaldagi islohotlar natijasida uzoq yillar davomida ichimlik suvi yetib bormagan chekka hududlar ham bosqichma-bosqich ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda.

Jumladan, Nurota tumani Dehibaland mahallasi aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 4,3 km tarmoq tortilib, mahallada istiqomat qilib kelayotgan 400 nafarga yaqin aholi xonadonlari markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘iga ulandi.

***

Aholi xonadonlarini isitishda zamonaviy energotejamkor gaz yondirgichlaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Boisi tejamkor gaz uskunalari tabiiy gaz sarfini kamaytirish bilan birga iste’molchilarning gaz uchun to‘lovida iqtisodiy foyda keltiradi.  

– Ma’nan eskirgan qo‘lbola gaz pechlarida bir oylik gaz sarfi 650 metr kubni tashkil etsa, yangi zamonaviy gaz yondirgichlari bir oyda, 340 metr kub gaz sarflaydi, – deydi “Xatirchitumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi yetakchi muhandisi Sodiqjon Ochilov. – Ko‘rinib turibdiki, bir oyda 310 metr kub gaz yoki qariyb 200 ming so‘mdan ziyodroq mablag‘ tejaladi. Kuz-qish mavsumida esa 1860 metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Yangi zamonaviy tejamkor gaz yondirgichlarning narxi esa 350-850 ming so‘mgacha. Demakki, bir oyda iste’molchi tejamkor gaz yondirgich xarajatlarini tejab qolingan tabiiy gaz va mablag‘ evaziga qoplash imkoniga ega bo‘ladi.  

Mahallalar kesimida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarida zamonaviy energotejamkor gaz yondirgichlaridan foydalanish to‘g‘risida doimiy ravishda targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Xodimlar tomonidan esa fuqarolarning istagiga ko‘ra, yangi xarid qilingan zamonaviy gaz yondirgichlari o‘rnatib berilmoqda.

Bugungi kunda Xatirchi tumanida o‘rnatilgan zamonaviy gaz yondirgichlari soni 1,6 mingtadan oshdi. Bu boradagi ishlar esa davom etmoqda.

***

Navoiy viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi va O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari Navoiy davlat pedagogika institutining yoshlari bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda oliygohda ayni paytda faoliyat yuritayotgan 18 ta yo‘nalish hamda fakultet koordinatorlari, “Qalqon” jamoatchilik guruhi va “Yosh turizm elchilari” Kengashi a’zolari hamda talabalar ishtirok etdi.  

Unda 1-bosqich talaba-yoshlarining o‘quv jarayoniga moslashishiga ko‘mak berish, talabalarni oliy ta’lim muassasasi hamda yoshlar bilan ishlovchi tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan loyihalar, tanlovlar, yaratilgan imtiyozlar bilan tanishtirish hamda 2024-2025 o‘quv yilida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Tadbir so‘nggida “Tanishtiruv haftaligi” doirasida “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” shiori ostida o‘tkazilgan 10 dan ortiq loyihalarda faol ishtirok etgan talabalar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

***

Navoiy viloyatidagi shahar va tuman hududlarida ham avtotransport vositalarining harakatlanishi natijasida hosil bo‘ladigan is gazi va tutun qalinligi miqdorini aniqlash maqsadida “Toza havo” oyligi o‘tkazildi.  

Tadbir davomida 12 ming 625 ta harakatdagi manbalardan atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar miqdori tekshirildi. Shuningdek, dizel, benzin va gaz yoqilg‘isida ishlaydigan avtotransport vositasi haydovchilariga atmosferani muhofaza qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, tushuntirish ishlari amalga oshirildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri