Uchquduq tumanidagi “Nuroniylar” maskanida Prezidentimizning 2024 yil 30 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tuman sudlari, tuman hokimligi, adliya bo‘limi hamda Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat boshqarmasining tuman vakili hamkorligida tadbirkorlik sub’ektlari bilan sayyor uchrashuv o‘tkazildi.
Unda 15 nafar tadbirkor ishtirok etib, 8 nafar tadbirkorning faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammolari va murojaatlari tinglandi.

Jumladan, qabul jarayonida ishtirok etgan YATT To‘rayeva Muniraning, kichik tadbirkor O.Mamanovaning, “Beksulton Feruz” MCHJ rahbari B.Rashidovning va “Charos Jasmina Shirin kulchalari” oilaviy korxonasi rahbari A.Qurbonovlarning elektr energiya hamda gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha qilgan murojaatlarini qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilish bo‘yicha elektr va gaz ta’minoti korxonalari rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, sayyor uchrashuvda “Uchquduq dehqon bozori” MCHJ rahbari O.Muxammedovning bozor hududida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan infratuzilma yig‘imlari o‘z vaqtida to‘lanmasdan kelinayotganligi yuzasidan, “Shahzodbek Platinum Plyus” MCHJ rahbarining Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan shartnoma asosida sotib olgan mahsulotlar uchun pul mablag‘larini 2023 yildan buyon ko‘chirib bermayotganligi yuzasidan sudga murojaat qilishning protsessual tartiblari tushuntirildi.
***
2024 yilning o‘tgan 6 oyi davomida Ijtimoiy himoya milliy agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan 2167 nafar fuqaroga protez-ortopedik mahsulotlar va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari yetkazib berildi. Shuningdek, xatlov jarayonida ko‘p funksionallik aravachaga ehtiyoji borligi aniqlangan 10 ga yaqin fuqaroga viloyat hokimligi mablag‘lari hisobidan moslashtirilgan maxsus aravachalar taqdim etilmoqda.


Jumladan, Karmana tumanida istiqomat qiluvchi 1-guruh nogironligi bo‘lgan Hayotbek Azimov va Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi Gulandon Dusovaning farzandiga maxsus ko‘p funksionallik aravacha berilib, ijtimoiylashuviga erishildi.


Shuningdek, G.Dusovaning farzandi maxsus komissiyasidan o‘tkazilib, “G‘amxo‘rlik” guruhlariga jalb etilishi belgilandi.
***
Xatirchi tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat quyi tizimiga kiruvchi tashkilotlar hamkorligida Yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “Dolzarb 30 kun” tadbiri doirasida maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.

Tadbir “Imkon” savdo majmuasida tashkil etilib, majmuaning ishchi-xizmatchilari ishtirokida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish hamda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, xavfsiz joyga ko‘chirish jarayonlari olib borildi.

Shuningdek, bo‘lim xodimlari tomonidan fuqarolarga xavfsizligini ta’minlash, belgilangan talab va qoidalarga amal qilishlari oqibatida nafaqat o‘zlarining, balki yaqinlarining ham hayotini asrab qolishlari misollar bilan tushuntirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri