Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:00 / 2024-04-09

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Navoiy viloyati Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Navoiy akademik litseyi hamkorligida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 688-yilligi munosabati bilan “Buyuk ajdodimizga ehtirom!” deb nomlangan tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Amir Temur hayoti, bosib o‘tgan yo‘li, olib borgan siyosati, davlat boshqaruvi haqida to‘xtalib o‘tildi.  

O‘quvchi-qizlar o‘rtasida “Ommaviy diktant” loyihasi doirasida “O‘zbek tili – o‘zligimiz timsoli!” shiori ostida o‘tkazilgan diktant yozish tanlovi g‘oliblari partiya viloyat Kengashining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

***  

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati Kengashi, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda viloyat Mudofaa ishlari boshqarmalari hamkorligida “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati a’zolari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Navoiy shahri, 2-o‘rinni Karmana tumani va 3-o‘rinni Navbahor tumani jamoalari egalladi. G‘olib jamoalar munosib taqdirlandi.  

 ***  

Navoiy davlat pedagogika instituti hamda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.  

Unda oliy ta’lim muassasasiga biriktirilgan maktablarning ta’lim sifatini oshirish, institut professor-o‘qituvchilari tomonidan mahorat darslari o‘tish, muassasani kerakli o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash, bitiruvchilarni oliy ta’lim dargohlariga qamrab olish masalalari muhokama qilindi.  

Tadbirda institut professor-o‘qituvchilaridan tashkil topgan “Mobil metodik guruh” faoliyati e’tirof etilib, guruh a’zolariga ta’lim sifati past bo‘lgan umumta’lim maktablari bilan ishlashda alohida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish topshirildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri