Tomdi tumani hokimligi va “MILANA EKSPRESS” MCHJ rahbariyati tashabbusi bilan Ab-u-Bakr bazmgohida iftorlik tashkil etilib, 100 nafarga yaqin ro‘zadorga iftorlik dasturxoni yozildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda mehr-muruvvat, saxovat, oliyjanoblik va shukronalik timsoli bo‘lgan Ramazon oyida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir so‘nggida tadbirkorga kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni tashkil etish orqali tumanning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasi uchun tuman hokimining tashakkurnomasi topshirildi.
***
Konimex tumani “Yuksalish” MFY Do‘stlik qishlog‘ida joylashgan “Chordara” oilaviy shifokorlik punkti hamda 12-umumta’lim maktabida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassislari, mobil poliklinika hamda tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rik tashkil qilindi.
Unda hududda yashovchi 267 nafar aholi hamda 160 nafar maktab o‘quvchisi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Yakunda turli kasallik aniqlangan bemorlarning 170 nafariga ambulator muolajaga tavsiya etildi. 8 nafari shifoxonaga yotqizilib, 2 nafariga davolanish uchun Konimex tuman shifoxonasiga yo‘llanma,
27 nafar fuqaroga esa bepul dori-darmon berildi.
***
Navoiy viloyat sudlari raislari tomonidan Qiziltepa tumani aholisining murojaatlarini o‘rganish yuzasidan sayyor qabul tashkil etildi
Qabul davomida 13 nafar fuqaro qabul qilinib, 5 nafarining murojaatlari ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 8 nafar fuqaroga tegishli tartibda huquqiy tushuntirish berildi.
Shuningdek, IIBning taqdimnomasiga asosan probatsiya guruhida hisobda turib jazo o‘tab kelayotgan 4 nafar mahkum O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan bo‘lsa, 1 nafar fuqaroning yuridik faktni belgilashga oid, 3 nafar fuqaroning aliment undirish bilan bog‘liq da’volari qanoatlantirildi. 4 ta nikohdan ajratish bilan bog‘liq ishlar ko‘rilib, oilalarni yarashtirish maqsadida suhbatlar o‘tkazildi va oilani tiklash uchun muddat belgilandi.
Iqtisodiy sudlar tomonidan tadbirkorlar foydasiga qarorlar qabul qilinib, bitta holatda bank tomonidan kiritilgan da’vo arizasi rad etilgan bo‘lsa, boshqa ish bo‘yicha bank va tadbirkor o‘rtasida kelishuv tuzilganligi bois bankning da’vo arizasi ko‘rilmasdan qoldirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri