“NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi obyektlarida energiya tejamkor texnologiyalar va muqobil energiya manbalarini joriy etish maqsadida 230 kVt quvvatga ega quyosh foto elektrstansiyalari o‘rnatilib, ishga tushirildi.
Natijada 275 ming 513 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarilib, shundan 215 ming 067 kV elektr energiyasi Jamg‘arma ehtiyoji uchun sarflangan bo‘lsa, 61 ming 038 kVt hududiy elektr ta’minoti korxonasiga yetkazib berildi.


***
Navoiyda 7-8 sinf o‘quvchilari o‘rtasida Al-Xorazmiy nomidagi aniq va tabiiy fanlar olimpiadasining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda matematika fanidan shahar va tuman bosqichlarida 1-, 2-, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan 78 nafar yosh bilimdonlar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Har bir sinf bo‘yicha g‘oliblar Al- Xorazmiy nomidagi Yosh matematiklar xalqaro olimpiadasida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Yurtimizda 2-marta tashkil qilinishi kutilayotgan ushbu xalqaro olimpiada natijalariga ko‘ra, joriy yil iyul oyida Hindistonda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Xalqaro matematika musobaqasida ishtirok etuvchi O‘zbekiston jamoasiga nomzodlar shakllantiriladi.

Shuningdek, Xalqaro iqtisod olimpiadasiga saralashning hududiy (viloyat) bosqichi ham yakunlandi. Musobaqada 62 nafar 9-11-sinf o‘quvchisi ishtirok etdi.
Ular imtihonni ingliz tilida topshirishdi. Ishtirokchilarga 30 ta uch xil qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari taqdim qilindi va 50 ballik tizimda baholandi.
1-2-3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar saralashning yakuniy bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

***
Navoiy erkin iqtisodiy zonasi direksiyasida Karmana tuman hokimligi, tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi va bir qator mutasaddi tashkilot va korxonalar hamkorligida “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi” o‘tkazildi.
Unda tumandagi 40 ga yaqin davlat tashkiloti, 10 dan ortiq tadbirkorlik subyekti hamda Navoiy erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan korxona-tashkilotlar o‘zlaridagi mavjud 395 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Yarmarkada 61 nafar fuqaroga tumandagi korxona va tashkilotlardagi mavjud ish o‘rinlariga ishga joylashishi uchun yo‘llanmalar berildi.


A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri