Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti qishloq xo‘jaligi fakulteti talabalari o‘rtasida 2024 yil – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” munosabati bilan “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” tanlovi o‘tkazildi.
Unda 20 nafarga yaqin talaba o‘z loyihasi bilan qatnashdi.
Ishtirokchilarning g‘oyalari professor-o‘qituvchilardan iborat hakamlar guruhi tomonidan baholab borildi.
Yoshlarning innovatsion inkubator qurilmasi, lavanda o‘simligidan yangi usulda dorivor efir moyini olish, sanoat chiqindi suvlarini turli kimyoviy tuzlar yordamida samarali tozalash bo‘yicha takliflari barchada qiziqish uyg‘otdi.
Tanlovda faol ishtirok etgan talabalar munosib rag‘batlantirildi.
***
Navoiy viloyat adliya boshqarmasida viloyat sudining sudyalari tomonidan hududiy adliya organlari xodimlari va yuridik xizmat markazlari mas’ul xodimlari ishtirokida sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga kiritilgan yangi o‘zgartirishlarning muhokamasiga bag‘ashlangan seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.
Unda 2023 yil 25 dekabrdagi “Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi protsessual kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonuni qabul qilinishi munosabati bilan qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi.
***
Konimex tumanida bugungi kunda 5993 ta tabiiy gaz iste’molchisi mavjud bo‘lib, tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari mahallalar bo‘yicha aholi xonadonlariga kirib, tabiiy gazdan xavfsiz foydalanishga doir targ‘ibot tadbirlarini olib borishmoqda.
Targ‘ibot jarayonlarida xonadonlardagi dudbo‘ronlarning noto‘g‘ri o‘rnatilishi, qo‘lbola nostandart gaz pechlaridan foydalanish, shuningdek, loyihadan tashqari o‘zboshimchalik bilan isitish jihozlari o‘rnatib olganlik holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
– Tumanimizda 15 ta mahalla fuqarolar yig‘ini bor, – deydi tumangaz gaz ta’minoti bo‘limi bo‘lim boshlig‘i Jonibek Djo‘rayev. – Shundan yettitasi tabiiy gazdan foydalanadi. Yil boshidan buyon mahallalar bo‘yicha xonadonma xonadon yurib gazdan xavfsiz foydalanish, is gazi oldini olishga oid targ‘ibotlar o‘tkazib kelyapmiz. Shu kunga qadar ikki mingga yaqin eslatmalar aholi xonadonlari va ijtimoiy ob’ektlarga tarqatildi. Shu bilan birga qoidaga zid isitish pechi o‘rnatganlik va boshqalar bo‘yicha 28 ta dalolatnoma tuzildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan iste’molchilarga 200 dan ortiq ogohlantirish xatlari berildi.
Joylarda o‘tkazilayotgan bu kabi targ‘ibotlardan ko‘zlangan maqsad inson hayotini asrash, uning xavfsizligini ta’minlash, gaz bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olishdir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri