Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
10:29 / 2024-02-21

Xalq deputatlari Karmana tumani Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Mohira Sharipova tashabbusi bilan “Sog‘lom oila – mustahkam oila” loyihasi doirasida aholi uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Tadbir davomida 40 nafar fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shu kuni tuman tibbiyot birlashmasining tor doiradagi yetakchi mutaxassislari tomonidan yotoq holatida bo‘lgan 3 nafar fuqaroning yashash uylariga ham borildi. Mutaxassislar ularning salomatliklarini tekshirib, o‘z tavsiyalarini berdi.  

Tibbiy ko‘rik yakunida xotin-qizlarga aniqlangan kasallik turiga qarab 12 xil turdagi dorilar bepul tarqatildi. 

 ***  

Navoiy shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi viloyat Axborot-kutubxona markazi tomonidan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi viloyat boshqarmasi hamkorligida “Kitobxon onalar” tadbiri o‘tkazildi.  

Har oyning 17-sanasida an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan  tadbirda xotin-qizlarning yurtimiz taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgani, ularga qaratilayotgan yuksak e’tibor, yaratilayotgan sharoit va keng imkoniyatlar, “Oqila ayollar” kengashi faoliyati haqida so‘z bordi.  

– Asli kasbim o‘qituvchi, ko‘p yillar ona-tili va adabiyot fanidan dars berganman, - deydi navbahorlik shoira Maqsuda Karimova. – Bugungi kunda nafaqadaman. Kitobxonlik targ‘ibotiga qaratilgan tadbirlarda faol ishtirok etib kelaman. Uyimdagi mo‘’jazgina kutubxonamda o‘zbek adiblarining ko‘plab bebaho kitoblari jamlangan. Bo‘sh vaqtlarimda badiiy kitoblar o‘qish bilan bir qatorda, nabiralarimni kitobga bo‘lgan qiziqishini orttirishga harakat qilaman.  

Tadbirda ziyoli ayollar, turli tashkilot va korxonalarda mehnat qilib, hozirda nafaqada bo‘lgan onaxonlar o‘zlari mutolaa qilgan ilmiy va badiiy kitoblar, ulardagi asosiy qahramonlarning ibratli hayoti haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi.  

***

Navoiy viloyati Navbahor tumani Yangiobod mahallasida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi, Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudi va fuqarolik ishlari bo‘yicha Navbahor tumanlararo sudi tashabbusi bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish barchaning burchi” mavzusida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.  

– Tuman sudlarining raislari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda korrupsiya va odam savdosiga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunchilik haqida so‘z yuritildi, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudining raisi Alisher Saydullayev. –Ishtirokchilarga korrupsiya shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi oqibatida kelib chiqishi haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, pora olish, berish va pora olish-berishda vositachilik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik borligi haqida batafsil ma’lumot berildi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri