Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Xatirchi tumanidagi “Xo‘jaqo‘rg‘on” mahallasida fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni ijobiy hal etish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi.


Viloyat va tuman mutasaddi tashkilotlari rahbarlari ishtirok etgan qabulda fuqarolarning turli sohalarga oid muammolari, talab va takliflari o‘rganildi. Qabul davomida jami 40 nafarga yaqin fuqarolardan murojaatlar qabul qilinib, 19 nafar fuqaroning murojaati joyida hal etildi. 16 nafar fuqaroning murojaatlari bevosita ro‘yxatga olinib, ijrosi nazoratiga olindi. Qolgan murojaatlarning yechimini ta’minlash bo‘yicha zaruriy choralar belgilandi.
*****
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi U.Xudoyorov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Xatirchi tumanida 3-sektor hududida joylashgan “Chechak ota” mahallasida bo‘lib, “mahalla beshligi” faoliyati bilan tanishdi.



O‘rganish davomida ishchi guruh tomonidan hududdagi fuqarolarning muammolarini tinglash va ularni ijobiy hal etish maqsadida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda 50 nafardan ortiq fuqarolarning murojaatlari eshitilib, 35 nafarining muammolari joyida hal etildi. 10 nafar xotin-qizlarga tikuvchilik mashinkalari topshirildi.
*****
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan Xatirchi tumani “Xo‘jaqo‘rg‘on” MFYda viloyat davolash profilaktika muassasalarining tor soha mutaxassislari ishtirokida hudud aholisi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.



Unda mobil brigada, UZI, EKG, sayyor mammografiya, mobil ko‘zni tekshiruv apparatlari jalb etilib, jami 1474 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning bir nafariga respublika bolalar milliy tibbiyot markaziga, bir nafar fuqaroga viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi kardiologiya bo‘limiga va 6 nafariga tuman markaziy shifoxonasi bo‘limlarida davolanish uchun yullanma berildi. 312 nafar fuqaro tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida davolanishga tavsiya qilindi.
*****


Viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabida “Yangi imkoniyatlar” oyligi doirasida o‘quvchilarning iste’dodi va ijodiy qobiliyatlarini namoyon qilishlari maqsadida “Jahon milliy raqslari” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda 1-o‘rinni Zarafshon shahrining “Dilnavo”, 2-o‘rinni Qiziltepa tumanining “Boychechak” va 3-o‘rinni Karmana tumanining “Parvoz” raqs dastasi qo‘lga kiritdi. G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA