Karmana innovatsion tumanida “AWAL TeCh” MCHJ tomonidan “Kumush nano zarrachalari bilan modifikatsiyalashtirilgan teskari osmotik membranalar” ishlab chiqarish boshlandi.
Ushbu mahsulot iste’molga yaroqsiz suvlarni molekulyar darajada tozalab beruvchi uskunalarning eng asosiy va murakkab qismidir. Loyiha doirasida 10 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilib, mahsulot Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalariga eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilgan ushbu loyiha doirasida yiliga 1000 dona mahsulot ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
***
Nurota tumanining “Mirishkor” mahallasi aholisiga sifatli va uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida quvvati 400 kVA bo‘lgan transformator punkti o‘rnatildi. Eski yog‘och ustunlar o‘rniga 52 dona temir beton tayanchlari, 0,4 kVli SIP kabellari tortildi.
Hozirda elektr tarmoqlarini qurish va rivojlantirish xizmati xodimlari tomonidan qurilgan yangi transformator punkti montaj qilinmoqda.
***
Viloyat statistika boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilning 1 iyul holatiga Navoiy viloyatida jami faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar (fermer va dehqon xo‘jaliklarisiz) soni 22 ming 239 taga yetdi. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning mos davrida 19 ming 942 tani tashkil etgan.
Eng ko‘p tadbirkorlik sub’ektlari Navoiy shahri, Karmana va Qiziltepa tumanlarida bo‘lsa, eng kami Uchquduq, Tomdi tumanlari va G‘ozg‘on shahrida tashkil etilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA