Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:47 / 2023-07-04

Ayni kunlarda Qiziltepa tumanidagi bir qator mahallalarda jami qiymati 46 milliard so‘mlik 40 ga yaqin qurilish-ta’mirlash loyihalari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, elektr tarmoqlarini yangilash bo‘yicha 14 ta, ko‘p qavatli xonadonlarning fasad va tom qismini ta’mirlash bo‘yicha 6 ta, yo‘llarni asfaltlashtirish bo‘yicha 11 ta, ichimlik suvi tarmoqlarini tortish bo‘yicha 4 ta va 6 ta oilaviy shifokor punktini jihozlash bo‘yicha ishlar boshlangan.

***

“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali hamda uning tuman gaz idoralari tomonidan tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda aholini suyultirilgan gaz bilan bir maromda va uzluksiz ta’minlash maqsadida mahalla va ovullarga maishiy gaz ballon yetkazib berish tadbirlari tizimli olib borilmoqda.

Bugungi kunda viloyat bo‘yicha 102 ming 595  aholi suyultirilgan gaz iste’molchilari mavjud. Joriy yilning iyun oyida iste’molchilarga 1022,6 tonnadan ziyodroq suyultirilgan gaz yetkazib berilgan bo‘lsa, o‘tgan olti oy davomida 7080,5 tonna suyultirilgan gaz aholi xonadonlariga yetkazilgan.

***

Navoiy viloyati IIBda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi ta’lim 1- va 2-o‘quv kursi kursantlari amaliyotini yuqori saviyada o‘tkazishni ta’minlash maqsadida ota-onalar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda so‘zga chiqqan IIB mutasaddilari kursantlarni xizmat intizomi va qonunchilik talablariga rioya qilishlari, fuqarolarga nisbatan xushmuomalada bo‘lishlari, xizmat vazifalariga kirmaydigan ishlarga aralashmaslik, amaliyotni belgilangan tartibda o‘tashlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Yig‘ilish so‘ngida o‘quv yilini a’lo baholarga yakunlagan, namunali xulqi bilan o‘rnak bo‘layotgan kursantlarning ota-onalariga minnatdorlik bildirildi.

***

FHDYO idoralarida tug‘ilish, nikohni qayd etish, ajrim va o‘lim holatlarida yarim yillikda 19 mingga yaqin harakat amalga oshirilgan. Jumladan, 2774 ta nikoh, 12866 ta tug‘ilish rasmiylashtirildi, 755 ta ajrim hamda 2562 ta o‘lim holati qayd etildi.  

Eng ko‘p tug‘ilish Navoiy shahrida 3398 nafar, Xatirchi tumanida 2304 nafar, Karmana tumanida esa 1699 nafarni tashkil etgan. Eng ko‘p nikoh esa Navoiy shahrida 633 ta kuzatilgan. Xatirchi tumanida 522 ta oila rasman nikohlangan bo‘lsa, Qiziltepa tumanida 426 ta yangi oila nikoh guvohnomasiga ega bo‘ldi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA