Qizilqum cho‘lining tabiiy majmua va ob’ektlari, shu jumladan, “Qizil kitob” ga kiritilgan hayvonot hamda o‘simlik turlarini muhofaza qilish maqsadida tashkil etilgan “Oqtog‘-Tomdi” davlat qo‘riqxonasi Navoiy viloyati Tomdi tumanining markazidan 216 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Umumiy maydoni 40 ming gektarga teng qo‘riqxonada bir yilda ikki marotaba sanoq ishlari olib boriladi. Shu paytgacha o‘tkazilgan sanoq ishlarida 19 cho‘l toshbaqasi, 4 cho‘l burguti, 2 bo‘z echkemari, 19 jayron hamda boshqa hayvonot turlari aniqlangan.


Hozirda davlat qo‘riqxonasi hududida O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitob” iga kiritilgan 15 xil turdagi noyob hayvon turlari va 13 xil turdagi o‘simlik turlari uchraydi.
***

Navbahor tumani hokimi Azamat O‘roqov Vengriya davlatining O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Yansh janoblari bilan uchrashdi. Uchrashuvda Navbahor tumanida chorvachilik kompleksini barpo etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Tumanda chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion uslublarni joriy etish, mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, shuningdek, aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan sifatli hamda arzon chorva, go‘sht mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashdan iborat.
***
Mamlakatimizda “Yoshlar oyligi“ doirasida “Bilim va tafakkurimiz – shu el uchun, shu yurt uchun!“ shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar o‘tkazilmoqda.


Jumladan, Navoiy davlat pedagogika institutida ham “Kitoblar yarmarkasi“ va “Zukko kitobxon” tanlovlari bo‘lib o‘tdi. Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti kengashi hamda Axborot-resurs markazi hamkorligida o‘tkazilgan tanlovda 1-o‘rinni Ingliz tili va adabiyoti fakultetining “O‘zbek qizlari”, 2-o‘rinni Tibbiyot fakultetining “Gippokrat” va 3-o‘rinni O‘zbek tili va adabiyoti fakultetining “Sarafroz” jamoalari qo‘lga kiritdi.
***
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida “Konstitutsiya mening huquqim — mening taqdirim” mavzusida talabalar o‘rtasida huquqiy viktorina o‘tkazildi.


“Yoshlar oyligi” doirasida universitet Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti hamda viloyat Adliya boshqarmasi Targ‘ibot va huquqiy ma’rifat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan viktorinada 5 jamoa qatnashdi. Unda ishtirokchilarga mamlakatimizning Yangi konstitutsiyasi mazmun-mohiyati, asosiy hujjatda aks etgan “ijtimoiy davlat” tushunchasi va boshqa dolzarb huquqiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq 20 ga yaqin savollar taqdim qilindi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA