Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
19:07 / 2023-03-27

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Nurotatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari “Amir Temur” mahallasida joylashgan “Shodiyev Sheroz” fermer xo‘jaligi dala maydoniga manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi. Ular belgilab berilgan 4 gektar maydonga 1000 dona manzarali hamda 2 ming dona mevali daraxt nihollari ekdi.

*****

Zarafshon shahrida Prezidentimizning 2022 yil 9 sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “Mahalla” xayriya jamoat fondi shahar bo‘linmasi huzurida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Dovgiztov” MFYda istiqomat qilayotgan 2 ta oilaga 2,2 kVt quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatib berildi.  Shuningdek, “Alinur Zarafshon kelajagi” xususiy korxonasiga 200 litr hajmdagi quyosh suv isitish kollektorlari o‘rnatildi.

*****  

Navoiy viloyatida 2023 yilning yanvar-fevral oylarida ko‘rsatilgan savdo xizmatlari hajmi 482,6 milliard so‘mni tashkil etib, jami ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmidagi ulushi 30,7 foizga yetdi. Bunda yuqori o‘sish hajmi Navoiy va Zarafshon shaharlari, Karmana, Qiziltepa, Xatirchi hamda Navbahor tumanlari hissasiga to‘g‘ri keldi.  

*****  

Qiziltepa markaziy o‘yingohida 16 yoshlilar o‘rtasida “Sport maktablari futbol ligasi” ning yakunlovchi 3-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.  

Unda musobaqa g‘olibligi uchun qiziltepalik va karmanalik o‘smirlar o‘zaro kuch sinashdi. Teng kurashlar ostida o‘tgan bahs 1-1 hisobida yakunlandi. Ikkinchi bahsda xatirchilik yoshlar navoiylik tengdoshlarini 5-2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 1-o‘rinni Qiziltepa sport maktabi egallab, musobaqaning Respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA