Navbahor tuman hokimligi va aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan 1-sektor hududidagi ishsiz fuqarolar, migrantlarni ishga joylashtirish maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.


Unda 50 dan ortiq tashkilot, korxona va muassasalar 126 ta, 12 ta xususiy sektor 142 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Ularning 101 tasi oliy ma’lumotli, 46 tasi o‘rta-maxsus ma’lumotli va 113 tasi mutaxassislik talab etilmaydigan bo‘sh ish o‘rinlari xisoblanadi.
Dastlab mehnat yarmarkasida tuman hokimi Azamat O‘roqov bandlik, tadbirokorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar to‘g‘risida tushuncha berdi. Yarmarkada 174 nafar fuqaro ishtirok etdi. Ularning 127 nafari ishli bo‘ldi. Jumladan, 63 nafar ishsiz fuqarolarga turli tashkilotlarga ishga joylashishi uchun yo‘llanmalar berildi. Hokim yordamchilari tomonidan 64 nafar fuqaro bandligi ta’minlanib, 38 nafariga tijorat banklarining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan asbob-uskunalar berildi.
***

Qiziltepa tumanidagi “Gulzor” mahallasi binosi yangitdan qurilmoqda. Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlariga 808,5 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, mahalladagi Samarqand ko‘chasining 2,2 kilometr yo‘li ham ta’mirlanib, asfaltlashtirilishi ko‘zda tutilgan.
***
Zarafshon shahar “Ishonch” savdo do‘koniga 110 million so‘m mablag‘ evaziga quyosh panellari o‘rnatildi.

Soatiga 10 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega panellar do‘konning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlaydi.
***
Majburiy ijro byurosi Xatirchi tumani bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdorliklarni undirish bo‘yicha ijro harakatlari olib borilmoqda.

Jumladan, bo‘lim ish yurituvida bo‘lgan 54 ta elektr energiyasi va 24 ta gaz undiruvi bilan bog‘liq hujjatlardan 22 tasi bo‘yicha 171,5 million so‘mlik ijro hujjatlari ijrosi ta’minlanib, tamomlandi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA