Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
09:46 / 2022-12-30

Konimex tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limi “Tashabbusli byudjet” hisobidan 500 million so‘m mablag‘ evaziga to‘liq ta’mirlandi.

Mazkur bo‘lim 14 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, yiliga o‘rtacha sakkiz yuz nafarga yaqin homilador va tug‘ruq yoshidagi ayollarga xizmat ko‘rsatadi.

Bo‘lim xorijda ishlab chiqarilgan zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan.

* * *

Qiziltepa tumani “Ayronchi” mahallasidagi 37-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.

“Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida 120 o‘rinli ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotining qurilish va ta’mirlash ishlariga 4,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

* * *

“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan Yangi yil bayrami munosabati bilan Navoiy shahridagi 16-son “Qo‘ng‘iroqcha” ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan imkoniyati cheklangan bolalar holidan xabar olindi.

bugungi kunda mazkur bog‘chada yuz nafardan ortiq imkoniyati cheklangan bolajonlar tarbiyalanadi.

Tadbirda bolajonlarga turli shirinliklardan iborat yangi yil sovg‘alari topshirildi.

Bundan tashqari fond tomonidan bayram munosabati bilan Navoiy shahri, Xatirchi, Navbahor, Karmana va boshqa tumanlarda yashovchi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan 60 nafar fuqaro holidan xabar olindi. Ularga 15 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. 

* * *

Xatirchi tumanidagi 4-sektor hududida joylashgan “Yangi” mahallasi yoshlar yetakchisi M.Mahmudov tashabbusi bilan sportchi Nizomiddin Aktamov xotirasiga bag‘ishlab futbol bo‘yicha xotira turniri o‘tkazildi.

Finalda “Yangi” mahallasi yoshlari “Bo‘g‘irdoq” mahallasi yoshlarini mag‘lubiyatga uchratib, turnir g‘olibiga aylandi.  

Turnir so‘ngida g‘olib va sovrindorlarga N.Aktamovning oila a’zolari tomonidan sovg‘alar topshirildi.

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA