Konimex tumani Davlat xizmatlari markazida koreyalik investorlar “SUNGYONG JANG” xorijiy korxonasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi Buning uchun bor-yo‘g‘i 20 daqiqa vaqt sarflandi, xolos.
Koreyalik ishbilarmonlar uchun tumanning “Karakata” hududidan 300 gektar yer ajratildi. U yerda quyosh panelli batareyalar o‘rnatiladi.
Markazda investorga “yashil yo‘lak” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatildi.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 martdagi “2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ijtimoiy daftarlarda turuvchi oilalarning xonadonlarini ta’mirlashga zarur bo‘ladigan asosiy qurilish materiallari va dizel yoqilg‘isi xarid qilish uchun xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi qarori asosida viloyat “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 2,7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Ushbu mablag‘ga xarid qilingan qurilish materiallari tuman va shahar hokimliklari, sektorlar tomonidan shakllantirilgan ro‘yxat asosida 15 ta mahallada yashovchi 544 nafar oilaga beg‘araz tarqatildi.
* * *
G‘ozg‘on shahar hokimligi hamda shahar Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamkorligida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.
Uchrashuvda yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi haqida yoshlarga so‘zlab berishdi. O‘z navbatida bugungi kunda ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom uchun minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda bir qator faol nuroniylarga shahar hokimligining “Tashakkurnoma” va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Badiiy jamoalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar davraga o‘zgacha xush kayfiyat ulashdi.
* * *
Nurota tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabida mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Unda 31 ta korxona, tashkilot va muassasalar o‘zlaridagi mavjud 238 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Mehnat yarmarkasida 150 nafarga yaqin ishsiz fuqaro ishtirok etib, ularning 10 nafariga doimiy ish o‘rinlariga yo‘llanmalar berildi, 2 nafar ishsiz fuqaro kasbga qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslariga yo‘naltirildi. Shuningdek, 26 nafar fuqaroga mehnat qonunchiligi bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA