Nurota tumanidagi “Tinchlik” MFY hududida joylashgan “Azia bazalt” MCHJ tomonidan “Bazalt toshini qazib olish, maydalash, saralash va birlamchi qayta ishlashni tashkil etish” loyihasi ishga tushirildi.

Loyiha qiymati 20 milliard so‘m bo‘lib, asbob-uskunalar Xitoyning KEFID kompaniyasi tomonidan olib kelingan hamda yiliga 4 xil o‘lchamdagi 500 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Loyihaning ishga tushirilishi natijasida 20 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

G‘ozg‘on shahrida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Dolzarb 40 kunlik” daraxt ekish aksiyasi tashkil etildi.
Shahardagi mahallalar, tashkilot va korxonalar hududiga, yo‘l yoqalariga 21 ming dona manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
“Milliy bank” Navoiy viloyat filiali tomonidan “Mahalla” xayriya jamoat fondi G‘ozg‘on shahar bo‘linmasi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga 100 million so‘m miqdorida homiylik mablag‘i o‘tkazilib, uning 80 million so‘mi daraxt ko‘chatlari sotib olishga va 20 million so‘mi “Marmarobod” mahallasida yo‘lni asfalt qilish uchun sarflandi.

Konimex tumanidagi Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ijtimoiy daftarlarda turuvchi 70 nafar ishsiz xotin-qiz “Tikuvchilik” va “Pazandachilik” o‘quv kurslarida o‘qitildi.

Bir oy davomida kasb-hunar egallagan xotin-qizlarga Markaz tomonidan sertifikatlar topshirildi.

Viloyat OITSga qarshi kurashish markazida “Tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda ob’ekt rahbariyati, fuqaro muhofazasi tuzilmalari va shahar favqulodda vaziyatlar davlat quyi tuzilmalari xizmatlari bilan hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.

O‘quv mashqi natijalariga asosan, ob’ekt fuqaro muhofazasi tuzilmalari sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga “Cheklangan tayyor” deb baholandi.
Shuningdek, barcha tashkilot va korxonalarda 15 noyabrdan 15 dekabrgacha davom etayotgan “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida profilaktik tadbirlar tashkil etilib, yong‘inlarning oldini olish va sodir bo‘lgan yong‘inlarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Ishchi-xizmatchilarga yong‘in xavfsizligi qoidalari tushuntirilib, targ‘ibot materiallari va bukletlar tarqatilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA