G‘ozg‘on shahrida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tashabbusi bilan aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida tadbir tashkil etildi.
Unda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida so‘z bordi.

“Ombudsman maktabi” o‘quv mashg‘ulotida sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, aholiga yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, tadbirda mintaqaviy vakil faoliyatining huquqiy asoslari, vakolat-vazifalari, ularni bajarishda davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoatchilik, o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamkorligi muhim ekanligi ta’kidlandi.
* * *
Navbahor tumanida ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar bandligiga ko‘maklashish, ularni mehnat bozoridagi kasblarga yo‘naltirish maqsadida “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Tuman hokimligi, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi hamda Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida 3-sektor hududidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi aholi, ishsiz ayollar va yoshlar ishtirok etdi.
Mehnat yarmarkasida 44 ta korxona va tashkilot bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etib, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbir so‘ngida bir guruh ishsiz xotin-qizlar va yoshlarga tikuv mashinalari va yuk tashishda ishlatiladigan mototsikllar topshirildi.
* * *
Konimex tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tuman hokimi Ruslan Ro‘ziyev tayyor trikotaj mahsulotlari, erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Italiyaning “Cotonella” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Mazkur kompaniya tomonidan umumiy qiymati 2 million AQSH dollar bo‘lgan loyiha rejalashtirilgan bo‘lib, tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi natijasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
* * *
Navoiy akademik litseyi o‘quvchilari viloyat IIB navbatchilik qismi, “102” xizmati hamda vaziyatlar markazida bo‘lib, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni fosh etishda ushbu xizmatning roli haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.

Shuningdek, o‘quvchilar Navoiy shahrida “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi asosida tashkil etilgan vaziyatlar markazida zamonaviy informatsion texnologiyalar asosida tashkil etilgan kuzatuv kameralari va ularni nazorat qilish tartibi, jinoyatlarning oldini olish, ularni fosh etishda zamonaviy yondashuv, uning ahamiyati haqida qiziqarli, muhim ma’lumotlar oldi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA