2017-2020 yillarda Qiziltepa tumanida namunaviy loyihalar asosida 266 ta yakka tartibdagi kottej va 376 ta xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar qurilgan bo‘lsa, 2021 yilda Alisher Navoiy mahallasida 240 xonadonli 12 ta 5 qavatli uylardan iborat “Alisher Navoiy” massivi bunyod etildi.
Ayni paytda Malikobod mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida 200 xonadonga mo‘ljallangan 8 ta 5 qavatli uylar qurilmoqda.

Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan tuman markazida 1250 xonadonga mo‘ljallangan 20 dan ortiq ko‘p qavatli uylar qurilishi davom etmoqda.
* * *
Navoiy viloyati prokurori Baxtiyor Ahmedov va Konimex tuman hokimi Ruslan Ro‘ziyev tumanning chekka hududlaridan biri “Sarjal” ovul fuqarolar yig‘inida sayyor qabul o‘tkazdi.
Tuman Xalq qabulxonasi, sektorlar, tumandagi tashkilot, korxona va idoralar rahbarlari ishtirok etgan qabulda 20 dan ortiq murojaatlarga yechim izlandi.
Qabul davomida fuqarolar tomonidan elektr ta’minoti, gaz, ishga joylashish, kadastr ishi, chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli bank krediti, ichki yo‘llarni ta’mirlashda amaliy yordam berish kabi murojaatlar bildirildi.
Ushbu murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi. O‘rganish va muddat talab qiladigan muammolarning bartaraf etilishi yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilot va idoralar rahbarlariga topshiriqlar berildi.
* * *
Navbahor tumanida mahalliy hokimlik va adliya bo‘limi hamkorligida “Adliya tadbirkorga do‘st” loyihasi doirasida huquqiy muloqot tashkil etildi.

Unda mamlakatimizda tadbirkorlar uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, qonunchilikda belgilangan imtiyozlar haqida ma’lumot berilib, tadbirkorlarning murojaatlari tinglandi. Murojaatlar tegishliligiga ko‘ra davlat idoralari vakillari tomonidan ish yurituvga qabul qilinib, tadbirkorlarga huquqiy tushuntirishlar berildi.
* * *
Zarafshon shahar IIB YHXB xodimlari tomonidan shahar hududidan o‘tgan 102 km yo‘l va 7 ta piyodalar yo‘lakchasi qaytadan chizilib, yaroqsiz yo‘l belgilari yangisiga almashtirildi.
Aholi serqatnov joylarda piyodalar bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalarining oldini olish maqsadida 6 ta piyodalar va tartibga soluvchining maketlari hamda 2 ta targ‘ibot bannerlari o‘rnatildi.

Shuningdek, tashkilot va korxonalarda sodir etilgan yo‘l transport hodisalari va amaldagi yo‘l harakati qoidalari yuzasidan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, tarqatma materiallar tarqatilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA