Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
09:24 / 2022-05-30

Navoiy viloyatidagi 36 ta umumta’lim maktabiga 591 ta kompyuter jamlanmalari topshirildi.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ajratilgan mazkur texnikalardan 7 komplekti informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashgan maktablarga berildi.

Jamlanmada o‘qituvchi uchun chop etish qurilmasi, elektr energiyasini to‘g‘ri taqsimlovchi stabilizator, lokal tarmoq qurilmalari mavjud.

Shuningdek, Navoiy shahridagi 7-, 9-, 10-, 11-umumta’lim maktablariga Eksim bank tomonidan kompyuter jamlanmasi va printerlar keltirildi.

* * *

Karmana tumanidagi 2-sonli Axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida “Besh muhim tashabbus” doirasida 14-18, 19-30 yoshlilar o‘rtasida ”Men dasturchiman” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

14-18 yoshlilar o‘rtasida 1-o‘rinni Shohruhmirzo Usmonov, 2-o‘rinni Asilbek Maratov hamda Javlon Ilhomov, 3-o‘rinni Asadbek Haydarov, Asilbek Erdonov, Jasurbek Ilhomov qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 19-30 yoshlilar o‘rtasida 1-o‘ringa Doston Rajabov, 2-o‘ringa Mirjalol Ochilov, 3-o‘ringa Og‘abek Aminov loyiq, deb topildi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.

* * *

Navoiy viloyatida USAID ning Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi doirasida viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan qishloq xotin-qizlari uchun bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida seminar o‘tkazildi.

Unda “Konseptual biznes g‘oya shakllantirish va tanlab olish usullari”, “Qiymat zanjiri tushunchasi va qiymat qo‘shilish g‘oyasini konseptual g‘oya tuzishda qo‘llash”, “Xarajat, daromad va foyda tushunchasi va ularni jadval asosida shakllantirish va umumlashtirish”, “Biznes g‘oyani reja ko‘rinishiga keltirishda xarajat, daromad va foyda davriyligi” mavzularida ma’lumot berildi.

* * *

Xatirchi tumanidagi Bolalar-o‘smirlar sport maktabida “1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan sportning erkin kurash turi bo‘yicha 11-13 va undan kichik yoshdagi o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston ochiq turniri o‘tkazildi.

Unda Buxoro, Namangan, Navoiy, Samarqand, Toshkent viloyati jamoalari hamda qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan 200 nafardan ortiq erkin kurashchilar ishtirok etdi.

Turnirda yosh polvonlar o‘z vazn toifalari bo‘yicha g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Musobaqa natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida 1-o‘rin Navoiy, 2-o‘rin Buxoro va 3-o‘rin Samarqand hamda Namangan viloyati jamoalariga nasib etdi.

Musobaqa so‘ngida g‘olib va sovrindor jamoalar rag‘batlantirildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA