Nurota tuman prokurori, 2-sektor rahbari F.Norov tuman markazidan 120 kilometr uzoqlikda joylashgan “Sentob” mahalla fuqarolar yig‘inida aholining ilg‘or g‘oya, taklif va tashabbuslari bilan yaqindan tanishish, ularning muammolarini hal qilish maqsadida aholi bilan uchrashdi.
Unda o‘ndan ortiq shikoyat, taklif va tashabbuslar bilan murojaat qilindi.
Murojaatlarning bir qismi joyida hal etilib, aksariyat murojaatchilarga huquqiy tushuntirishlar berildi. Muddat talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mas’ul rahbarlarga topshiriq va ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
* * *
Navoiy viloyat prokuraturasi hamda viloyat Bandlik bosh boshqarmasi hamkorligida Navoiy davlat pedagogika institutida talabalar bandligini ta’minlash maqsadida "Bo‘sh ish o‘rinlari" mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Ushbu mehnat yarmarkasida 68 korxona va tashkilot o‘zining jami 175 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.

Mehnat yarmarkasida qatnashgan talabalar korxona va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirildi.
* * *
Konimex tumanida 5525 ta iste’molchiga jami 196 km tabiiy gaz tarmog‘i, 110 dona gaz taqsimlash qurilmasi orqali tabiiy gaz yetkaziladi.

2021-2022 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida gaz taqsimlash qurilmalarining barchasi texnik taftish qilindi. 2,5 km yer osti gaz quvurlari tekshirilib, gaz sizib chiqishi mavjud yoki mavjud emasligi tekshirildi.
Joriy yil ayni vaqtiga qadar 1,3 km gaz quvurlari tartibga keltirildi. 4,4 km gaz tarmoqlarida bo‘yoqlash ishlari amalga oshirildi. Gaz quvurlariga qo‘yilgan tirgaklarning 50 donasi yangisiga almashtirilib, mustahkamlandi.

Tizim xodimlari tomonidan gaz quvurlari va zulfinlar nazorat qilinib, aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etilayapti.
* * *
Qiziltepa tuman “Gulbog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida tuman hokimligi, USAIDning “Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi” hamda viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan xotin-qizlar, tadbirkor va fermerlar ishtirokida “Zararkunandalar va kasalliklarni aniqlash va ularga qarshi kurash, meva-sabzavot yetishtirishda o‘g‘itlardan foydalanish” mavzusida o‘quv-seminari tashkil etildi.

Unda USAID ning “Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi” agrobiznes mutaxassisi G‘olib Maxmudov, loyihaning Navoiy viloyat bo‘yicha koordinatori Javohir Navro‘zov, viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi mutaxassisi Shahnoza Eshmurzayeva tomonidan zararkunandalarga qarshi kurashish, aniqlangan kasalliklarni bartaraf etish, meva-sabzavot yetishtirishda o‘g‘itlardan foydalanish bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA