Karmana tumanida xotin-qizlar tadbirkorlikka o‘qitildi
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi 4-yo‘nalishi 69-maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash nazarda tutilgan.
Navoiy viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan Karmana tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda tumandagi ishsiz 13 xotin-qizni 60 soatga mo‘ljallangan “Tadbirkorlik” o‘quv kursida o‘qitildi.
O‘quv kursi yakunida xotin-qizlar egallagan bilimlari yuzasidan test sinovi topshirdi.
Test sinovidan o‘tgan xotin-qizlarga sertifikatlar topshirildi. Endilikda ular qo‘lida hunari bilan o‘z biznesini ochishi yoki biron korxonada bemalol ishlashi mumkin bo‘ladi.
Nufuzli universitet bilan hamkorlik boshlandi
Qiziltepa tuman Xalq ta’limi bo‘limi va Toshkent shahridagi Britaniya Menejment universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Tuman Xalq ta’limi bo‘limi xorijiy tillar metodisti N.Husenova ushbu universitetda bo‘lib, muassasa rektori va rahbariyati bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida universitet va tuman Xalq ta’limi bo‘limi o‘rtasida hamkorlikda ishlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Hamkorlik natijasida universitet o‘qituvchilari tomonidan tumandagi ingliz tili fani o‘qituvchilari uchun o‘quv kurslari o‘tkaziladi.
Navbahor tumanida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi
Navbahor tumanining 1-sektorida joylashgan Navbahor kasb-hunar maktabida tuman hokimining o‘rinbosarlari, tegishli mutasaddilar ishtirok etgan sayyor qabul tashkil etildi.
Sayyor qabulda fuqarolarning uy-joy, moddiy yordam, kredit va yo‘l masalalari bilan bog‘liq murojaatlari ijrosi yuzasidan tegishli rahbarlarga topshiriqlar berildi.
35 nafardan ortiq fuqaro tomonidan qilingan murojaatlarning aksariyati joyida o‘rganilib ijobiy hal etish choralari ko‘rildi va fuqarolarga tushuntirishlar berildi.
Karmanada mahallalar obodlikka yuz tutmoqda
Karmana tumani "Arabxona" MFYda hashar yo‘li bilan keng turdagi obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, 3,5 kilometr ta’mirtalab yo‘llarga shag‘al yotqizilib, maxsus texnikalar yordamida tekislandi, noqonuniy qurilgan qo‘rg‘on devorlari fuqarolar roziligi bilan buzilib, tartibga solindi, hududda joylashgan qabristonlar obodonlashtirildi va ko‘chatlar ekildi, eskirgan sim yog‘ochlar beton tayanch ustunlariga almashtirildi, gaz quvurlari tartibga keltirilib, gaz ta’minoti yaxshilandi.
Mahalla hududida 9,5 kilometr ichki yo‘llar shag‘allashtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu xayrli ishga 375 nafar ishchi xodim jalb etilgan va 67 ta maxsus texnikalar ajratilgan.
Onlayn g‘azalxonlik tanlovida navoiyliklar birinchi
Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning 581 yilligi va Zahiriddin Muhammad Boburning 539 yilligi munosabati bilan o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida ularning ijodini keng targ‘ib qilish va ulug‘ siymolarimizning boy ijodiy merosi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Ikki buyuk siymo” mavzusida onlayn g‘azalxonlik tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahar maktab o‘quvchilari jamoa bo‘lib ishtirok etishib, Alisher Navoiy va Boburning g‘azallaridan 2 tadan aytishib, 5 ta savolga javob berishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Navoiy viloyatining “Tafakkur yulduzlari” jamoasi qo‘lga kiritdi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA