Navoiy viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida shu kunga qadar 5 million 178 ming 400 tup turli manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Jumladan, umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llari yoqasiga - 131 ming 900 tup, qishloq xo‘jaligi yerlarida ihota daraxtzorlar barpo etish uchun - 287 ming 800 tup, fermer xo‘jaliklari ekin yer maydonlari atrofiga -1 million 359 ming 800 tup, oliy va o‘rta maxsus ta’lim yo‘nalishi ob’ektlarida - 65 ming 100 tup, xalq talimi yo‘nalishi ob’ektlarida - 195 ming 400 tup, maktabgacha talim yo‘nalishi ob’ektlarida - 93 ming 300 tup, sog‘liqni saqlash yo‘nalishi ob’ektlarida - 140 ming 200 tup, korxonalar va xizmat ko‘rsatish sohalari hududlariga - 747 ming 600 tup, tuman (shahar)lardagi obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi hududlar va ob’ektlarga - 529 ming 500 tup, tuman (shahar)lardagi MFY hududlari va boshqa ob’ektlar hududlariga - 1 million 627 ming 800 tup daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
***
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi sudyasi S.Boltayev tomonidan Navoiy shahar 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasida insonparvarlik dalolatnomalari bilan bog‘liq ishlar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan 2 nafar mahkum O‘zbekiston Respublikasi JKning 73-moddasiga asosan o‘talmay qolgan jazodan muddatidan oldin shartli ozod qilindi. O‘zbekiston Respublikasi JKning 74-moddasiga asosan 1 nafar mahkumning o‘talmay qolgan jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilib, jazoni ijro etish koloniyasidan ozod qilindi. Bundan tashqari, 15 nafar mahkum yengil tartibli, ya’ni manzil koloniyalarga o‘tkazildi.
Shuningdek, sudyalar S.Boltayev hamda D.Pardayeva jazoni ijro etish koloniyasidagi mahkumlar bilan sayyor qabul o‘tkazib, ular tomonidan berilgan savollarga tegishli tartibda tushuntirish berdi.
***

Zarafshon shahar hokimi Anvar Radjabov ishtirokida shahar mahallalaridagi shahar hokimining yordamchisi lavozimiga tavsiya etilgan nomzodlar bilan seminar o‘tkazildi. Unda mahalla tizimida amalga oshirilayotgan bir qator vazifalarning amaldagi ijrosi, yosh kadrlardan saralanayotgan hokim yordamchilari bilan ishlash borasida belgilangan vazifalar muhokama qilindi. Asosiy e’tibor mahalladagi har bir oilani “xonadonbay” o‘rganib, aholining bandlik darajasi, oilalarning daromadli mehnatga bo‘lgan intilishi va ehtiyojlarini tahlil qilish orqali mahalla bo‘yicha kompleks ma’lumotlar bazasi (pasporti)ni yaratishi lozimligiga qaratildi.
Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ichki imkoniyatlarni o‘rganib, ularni ishga solish orqali mahallaning iqtisodiy o‘sishini ta’minlash lozimligi ta’kidlandi.
***
Qiziltepa tumanidagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “O‘zbekiston yoshlari forumi – 2021” doirasida tuman ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi va madaniyat bo‘limi bilan hamkorlikda "Uch avlod uchrashuvi" tashkil etildi.

Uchrashuvda Zarmetan, Azizobod va Rabot mahallalarida istiqomat qiluvchi uzoq yillik hayotiy tajribaga ega bo‘lgan nuroniy otaxon va onaxonlar, turli sohalarda mehnat qilib kelayotgan o‘rta avlod vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi. Nuroniylar o‘zlarining hayotiy tajribalari, o‘tgan davrning o‘ziga xos qiyinchiliklari hamda hozirgi kunda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va ulardan oqilona foydalanish haqida fikr bildirdi.
Tuman Madaniyat bo‘limi xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar va o‘quvchilarning sahna ko‘rinishlari barchada katta taassurot qoldirdi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA.