Korrupsiya – taraqqiyotga to‘siq
Navoiy viloyati bojxona boshqarmasida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni oldidan “Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida “Korrupsiya – taraqqiyotga to‘siq!” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.



Ta’kidlandiki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish maqsadida milliy qonunchilik hujjatlari tobora takomillashtirib borilmoqda va bu korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga xizmat qiladi.

Faxriylar e’tibor va e’zozda
Navoiy viloyati prokurori Baxtiyor Ahmedov tashabbusi bilan prokuratura organlari tizimida uzoq yillar mehnat qilgan faxriylarning madaniy hordiq chiqarishi uchun Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat tashkil qilindi.
Faxriylar “Imom Al-Buxoriy” ziyoratgohi, "Hazrati Xizr" masjidi, "Shohi Zinda" majmuasi, “Xoja Doniyor” va Amir Temur maqbarasi hamda O‘zbekistonning birinchi Prezidenti I.Karimov maqbara-majmuasini ziyorat qilishdi.
Shuningdek, "Keksalar turizm oyligi" doirasida Xatirchi tumani "Dehqonobod" mahallasida yashovchi 45 nafar otaxon va onaxonning Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga sayyohati uyushtirildi.
Keksalar tadbir davomida ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan bunyod etilgan noyob me’moriy yodgorliklar, maqbaralarni asrab-avaylash, obod etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi.
Besh tashabbus amalda
Xatirchi tumanidagi 17-umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ijrosiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda o‘sib kelayotgan yosh avlodning madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari hamda kitob mutolaasi borasidagi izlanishlari, pirovardida ma’lum bir yutuqlarga erishayotgani e’tirof etildi. Kelgusida o‘z mehnati, intilishi bilan mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘taruvchi yigit-qizlar yetishib chiqishiga umid bildirildi.
Tadbir davomida maktab o‘quvchilari tomonidan 5 ta tashabbus bo‘yicha tashkil etilgan to‘garaklar taqdimoti namoyish etildi.


Tadbir so‘ngida tuman hokimi tomonidan maktab kutubxonasiga 400 dona badiiy adabiyot sovg‘a qilindi.
Inson – jamiyat – davlat tamoyili
Qiziltepa tumanidagi "Ziyokor", "Tavois", "Gulbog‘", "Kulolon", "Oboddiyor" mahallalarida aholi va tadbirkorlar o‘rtasida fuqarolarning davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganish maqsadida sayyor qabul o‘tkazildi.

Unda Qiziltepa tumani Xalq qabulxonasi, adliya va Davlat xizmatlari markazi mutasaddilari xalq bilan muloqotda mavjud muammolar va murojaatlarni qabul qildi.

Sayyor qabulda yer-joy, mol-mulk, bandlik va ijtimoiy himoya, moddiy yordam masalalarida murojaatlar tinglandi.
Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi
Nurota tuman hokimligi, tuman turizm va sport bo‘limi va hamkor tashkilotlar tomonidan 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan uyda ta’lim oluvchi o‘quvchilar o‘rtasida shaxmat musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqada ishtirok etgan barcha o‘quvchilar rag‘batlantirildi.
Tadbir so‘ngida konsert dasturi namoyish etildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA