English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:15 / 2021-11-13

“Uch avlod bog‘i” tashkil etildi

Navoiy viloyatida ham "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta ko‘chatlarini o‘tqazish ishlari izchillik bilan davom etmoqda.

Navoiy viloyati Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘ining xayrli tashabbusi bilan Nurota tumanidagi Dehibaland MFYda joylashgan 7-sonli umumta’lim maktabida "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida "Uch avlod bog‘i" tashkil etildi.

Bu yerga jami 110 tup mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Oilaviy korxona rahbari Prezident sovg‘asi – avtomobil bilan taqdirlandi

Navoiy shahridagi “Durdona javohirlari” oilaviy korxonasi rahbari Gavhar Egamova bir necha yildan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib keladi.  

U yaqinda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi laureati bo‘lib, II darajali diplom bilan taqdirlangan edi.

Navoiy shahar hokimi Muhiddin Bazarov Gavhar Egamovaga Prezident sovg‘asi – Kobalt avtomobili kalitini topshirdi.

G‘ozg‘onda ravon va zamonaviy avtomobil yo‘li qurildi

G‘ozg‘on shahrida keng ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, shaharga kirish qismidagi uzunligi 2,8 km uzunlikda, kengligi 9 metrni tashkil etuvchi asosiy avtomobil yo‘lini asfalt qoplamasi bilan qoplash ishlari yakunladi.

Hozirda yo‘l chiziqlarini chizish, yo‘l belgilari va ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Ko‘chat ekish, bog‘ yaratish savobli amallardan biridir

Xatirchi tumanidagi "Hamid bobo dalasi" fermer xo‘jaligida "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish bo‘yicha tuman seminari tashkil etildi.

– Azaldan ko‘chat ekish, bog‘ yaratish savobli amallardan sanaladi. Yoshligimdan bog‘dorchilik bilan shug‘ullanganman, bugungi tadbirda ishtirok etayotganimdan juda xursandman, – deydi 90 yoshni qarshilagan Jumaqul bobo Qurbonov.  

Ma’lumot uchun, shu kunga qadar tuman bo‘yicha jami 78 ming 700 dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA