French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
21:05 / 2021-08-28

Temirqovuq – obod mahallaga aylandi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 30 yilligi oldidan Nurota tumani, Temirqovuq MFYda "Obod mahalla" Davlat dasturi bo‘yicha keng ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

Jumladan, MFY binosi, “Xotira maydoni” yangidan qurib bitkazilgan bo‘lsa, qishloq vrachlik punkti, madaniyat markazi, sport kompleksi, 2-son kasb-hunar maktabi to‘liq kapital ta’mirlandi.

Hududda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish maqsadida mavjud xizmat ko‘rsatish va savdo ob’ektlari zamonaviy arxitektura va qurilish talablari asosida mukammal ta’mirlanib, o‘nga yaqin yangi ob’ektlar barpo etildi.

Tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan qishloqdagi 17,5 km ichki yo‘llarini shag‘al hamda 2 km yo‘llarni asfalt qilish ishlari yakuniga yetkazildi va yo‘llarga tungi yoritkichlar o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.

Yangi ob’ekt foydalanishga topshirildi

Navbahor tumanida "Madina Denta" MCHJ tomonidan 400 million so‘m mablag‘ hisobiga aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish binosi qurib bitkazildi. Mablag‘ning 150 million so‘mi tadbirkorning o‘z mablag‘i, 250 million so‘mi imtiyozli kredit asosida sarflandi.

Binoning ishga tushirilishi natijasida bu yerda o‘nta yangi ish o‘rni yaratildi. Binoning birinchi qavatida dorixona va fitobarlar tashkil etilgan, ikkinchi qavatida esa kilinik laboratoriya, stomatologik labaratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Tadbirkor xayrli ishga qo‘l urdi

Qiziltepa tumanida faoliyat yuritayotgan "Nur 2020" MCHJ rahbari Ixtiyor Radjabov tomonidan xayrli ishga qo‘l urildi.

Tadbirkor tashabbusi bilan "Shodiyona" bazmgohida "Ayollar" va "Yoshlar" daftariga kiritilgan 14 nafar oila farzandlarining sunnat to‘yi o‘tkazildi.

Tadbirkor tomonidan bayram dasturxoni tashkil qilinib, bolajonlarning barchasiga kiyim-kechaklar, kitoblar va ko‘plab sovg‘alar qatorida ularga velosipedlar sovg‘a qilindi.

G‘ozg‘onda uch avlod vakillari uchrashdi

Tarix, bugun va kelajakni o‘zida mujassam etgan bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yaxshi an’anaga aylandi.

Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilayotgan tadbirda yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, nihoyat nuroniylik paytida ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida dil so‘zlari, samimiy fikrlarini bildirdi.

El-yurt ravnaqi yo‘lida mamlakatimiz rahbariga yaqin ko‘makchi, kamarbasta bo‘lish lozimligi uch avlodga mansub yurtdoshlarimiz o‘rtasida kechgan samimiy suhbatlar bosh mavzusiga aylandi.

Peshqadam o‘qituvchilarga pul mukofotlari topshirildi

Joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tgan Respublika fan olimpiadasida faxrli o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarning fanlar bo‘yicha o‘qituvchilari tegishli tartibda muayyan miqdordagi pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov ZOOM platformasi orqali ta’lim sohasida, ilmiy ishlanmalar bo‘yicha, o‘quvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlash hamda onlayn darslarni tayyorlashda faol ishtirok etgan bir guruh o‘qituvchilarni pul mukofoti bilan taqdirladi.

Viloyatlardagi studiyalarda o‘qituvchilarni hududiy tizim rahbarlari taqdirladi.

Jumladan, Karmana tumanidagi 4-maktab o‘qituvchisi Dilorom Do‘stova, Nurota tumanidagi 43-maktab o‘qituvchisi Elmurod Ro‘ziyev, Navoiy davlat pedagogika instituti akademik litseyi o‘qituvchisi Zebiniso Norqulovaga 7 million 350 ming so‘m, Uchquduq tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi Gulsat Muratovaga 8 million 575 ming so‘m, Navoiy davlat pedagogika instituti akademik litseyi o‘qituvchisi Bahodir Hojiyevga esa 12 million 250 ming so‘m pul mukofoti topshirildi.

Yoshlar oromgohida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi

NKMK DK yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish markazi va uning Zarafshon shahar hududidagi yong‘in xavfsizligi bo‘limi tomonidan kombinatga qarashli “Zarafshon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida “Vatanparvarlik milliy yuksalish kafolati” mavzusida favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Unda Uchquduq tumanidagi toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlovchi harbiy qism, kombinatning harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati, Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati, tez tibbiy yordam xizmati xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida “Yosh qutqaruvchilar” tomonidan qiziqarli viktorina, zilzila sodir bo‘lganda qay tartibda harakat qilish, cho‘milish vaqtida cho‘kayotgan odamga yordam ko‘rsatish, yotoqxonada favqulodda yong‘in sodir bo‘lganda jabrlanuvchini xavfsiz hududga olib chiqish va birinchi yordam ko‘rsatish mashg‘ulotlari bolajonlar ishtirokida amaliy tarzda bajarildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA