“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” aniqlandi
Maktabgacha ta’lim tizimida yuqori malakali tarbiyachilarni aniqlash, rag‘batlantirish, ularning pedagogik mahorati va ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, pedagogik faoliyatning nufuzini yanada oshirish, kasbiy faoliyatda sog‘lom raqobat va ijodkorlik muhitini yaratish maqsadida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari aniqlandi.
Karmana tumanidagi 3-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib o‘tgan tanlovda tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 46 nafar tarbiyachi ishtirok etdi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, “Eng yaxshi metodist tarbiyachi” nominatsiyasida Navoiy shahridagi 26-sonli MTT xodimi Gavhar Murtazoyeva, “Eng yaxshi ijodkor tarbiyachi” nominatsiyasida Uchquduq tumanidagi 5-sonli MTT tarbiyachisi Durdona Hamroyeva, “Innovatsion va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi” nominatsiyasida Karmana tumanidagi 18-sonli MTT tarbiyachisi Nasiba Mahmudova, “Eng yaxshi g‘oya muallifi” nominatsiyasida Zarafshon shahridagi 15-sonli MTT tarbiyachisi Feruza Hamroyeva, “Eng yaxshi mohir qo‘l ustasi” nominatsiyasida Zarafshon shahridagi 10-sonli MTT tarbiyachisi Nasiba Saparova g‘olib deb topildi.
Viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallagan g‘olib tarbiyachilar tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Tashqi savdo aylanmasi oshdi
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida Navoiy viloyatining jami tashqi savdo aylanmasi 595,2 million dollarni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 112,2 foiz o‘sishga erishildi.
Tashqi savdo aylanmasi hajmida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari bilan 153,8 million va boshqa davlatlar bilan 441,4 million AQSH dollarini tashkil etdi. Hisobot davrida jahonning 62 mamlakati bilan savdo aloqalari amalga oshirildi.
2021 yilning yanvar-iyun oylarida viloyatdagi sub’ektlar tomonidan 32 ta mamlakatga 209,4 million AQSH dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Ushbu davrda kichik biznes sub’ektlari tomonidan 20,9 million AQSH dollar ya’ni umumiy eksport hajmining 10 foizi miqdorida mahsulotlar (tovar va xizmatlar) eksport qilindi.
Ishlab chiqarish korxonasiga oqova suvlarni tozalash uskunasi o‘rnatildi
Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan “Qizilqumsement” AJ kon sexi oqova suvlarni tozalash inshootida davlat ekologik monitoringi o‘tkazildi.
“Qizilkumsement” AJ kon sexining rejasi hamda “Sanoat korxonalari uyushmasining tasdiqlangan dasturi”ga muvofiq qayta zamonaviylashtirilib, oqova suvlarni tozalash uskunasi o‘rnatildi. Ushbu uskunadan boshqarma Atrof-muhit ifloslanishini monitorning qilish bo‘limi tomonidan tahlil uchun namunalar olinganda o‘tgan yilga nisbatan umumiy samaradorligi 50 foiz ijobiy natijani tashkil etdi.
Mahalla raislari uchun amaliy seminar
Xatirchi tumanidagi “Bog‘ishamol” mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla raislari ishtirokida “Parrandachilikni rivojlantirish, aholi xonadonlarida parranda boqish va uzum plantatsiyalari tashkil etish, bu orqali ularni daromadga yo‘naltirish” mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda “Bog‘ishamol” MFY misolida tumandagi barcha mahallalarda parrandachilikni rivojlantirish, uzum plantatsiyalarini tashkil etish, bu yo‘nalishda xar bir xonadonni daromadli qilish to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Seminar ishtirokchilari parrandachilik orqali daromad topib kelayotgan Navro‘z Xoliqov va uzum yetishtirishning hadisini olgan Shavkat Muhammadiyev xonadonlarida hamda “Oltinsoy” mahallasi hududida tadbirkor Sherzod Teshayev tomonidan barpo etilgan uzumzorda bo‘lib, tovuq va jo‘jalar hamda uzumchilikdan daromad olish yo‘l-yo‘riqlari bilan tanishdi.
[gallery-3389]
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA