Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
10:45 / 2021-08-04

Informatika fani o‘qituvchilariga 4,9 mln. so‘m pul mukofoti topshirildi

Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasida ishtirok etib, natijaga ko‘ra respublika Top-100 taligida birinchilikni qo‘lga kiritgan navoiylik 22 nafar informatika fani o‘qituvchisini taqdirladi.  

O‘qituvchilarga hokimlik “Tashakkurnoma”si hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ajratilgan 4 900 000 so‘mdan pul mukofotlari topshirildi.  

Joriy yilning 7 oyida Navoiy shahridagi Perenatal markazida 6 marotaba uchtalik egizaklar tug‘ilgan

Davlat xizmatlari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Navoiy viloyatida 2021 yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, 14 200 ta tug‘ilish qayd etildi.

Eng ko‘p tug‘ruq Xatirchi tumanida - 2841 ta hamda Navoiy shahrida - 2657 tani, eng kami esa Tomdi tumanida - 44 ta kuzatildi.  

850 dan ortiq tug‘ilganlik guvohnomalari esa perenatal markazlari va mobil ofislarda sayyor tartibda fuqarolarga topshirildi.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, so‘nggi uch yilda kuzatilmagan holat, ikki va uch farzand ko‘rayotgan onalar ko‘paymoqda. Birgina Navoiy shahridagi perenatal markazida joriy yilning o‘zida 6 marotaba uchtalik egizaklar tug‘ilgan.

Hududlarga quvvati 100/160 kVA bo‘lgan transformatorlar o‘rnatiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 aprelda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyatida qishloq va mahallalarning elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Navoiy HETK” AJ tasarrufidagi Markaziy ombordan 12 dona har xil quvvatga ega bo‘lgan transformatorlar Karmana, Xatirchi, Nurota, Qiziltepa, Navbahor, Konimex, Uchquduq, Tomdi, Zarafshon hamda Navoiy shaharlaridagi dasturga kiritilgan MFY hududlariga yo‘naltirildi.

Hozirda ushbu hududlarda transformator punktlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.  

Ayoli e’zozlangan yurt

Xatirchi tuman hokimligi va Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida joylashgan tarixiy obidalarga “Ayollar daftari”ga kiritilgan 40 nafar xotin-qizning ikki kunlik bepul sayohati tashkil etildi.

Ular Samrqand shahri va Shahrisabzdagi diqqatga sazovor joylarni ziyorat qilib madaniy hordiq oldi.

– Men 47 yoshdaman. Qashqadaryoga birinchi kelishim, xuddi tush ko‘rayotgandekman, Bizga bunday imkoniyatlar yaratib bergan davlatimiz rahbariga barcha ayollar nomidan tashakkur aytaman – deydi "Binokor" mahallasida yashovchi Aziza Mingboyeva.

“Adolatli qaynona” ko‘rik tanlovi bo‘lib o‘tdi

Karmana tumani hududidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi qaynonalar o‘rtasida ularning tashabbuskorligi, milliy qadiryatlar, an’ana va udumlarni asrab-avaylash, yosh avlodga yetkazish borasidagi ibratli faoliyatini o‘zida mujassam etgan “Adolatli qaynona” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovda qaynonalar oila va jamiyat hayotidagi ishtiroki, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini yuksaltirishga qo‘shayotgan hissasi, kelinlar o‘rtasida adolatni o‘rnata olish kabi hayotiy tajribalarini namoyon etdi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni “Ko‘hna qo‘rg‘on” mahallasidan Maxfurat Yarashova, 2-o‘rinni “Yangi ariq” mahallasidan Zaynab Usmonova va 3-o‘rinni “Varq” mahallasidan Gulnora Mamatova qo‘lga kiritdi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA