Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari qisqa satrlarda
10:37 / 2021-06-24

“MURUNTOV” FORUMI –hamkorlikning yorqin namunasi

Navoiy davlat konchilik institutida oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida ilk bora “Muruntov” forumi bo‘lib o‘tdi.  

Tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 16 iyun kuni oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosiga qaratildi.

Forumda mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi kabi ta’lim muassasasi rahbarlari ishtirok etdi. Ular Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 2- va 7-gidrometallurgiya zavodlariga hamda “Muruntov” koniga tashrif buyurdi.  

Tadbir yakunida oliy ta’lim muassasalari, Navoiy davlat konchilik instituti va Navoiy kon-metallurgiya kombinati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Davlat tiliga e’tibor kuchaymoqda

Xatirchi tumanida tashqi reklama sohasidagi faoliyatni tartibga solish maqsadida tuman Ishchi guruhi a’zolari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida 19 ta tashqi yozuv, reklama va peshlavhalarda kamchiliklar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi.

Shuningdek, targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili haqida”gi qonuni talablariga to‘g‘ri kelmaydigan 21 ta tashqi yozuv hamda axborot matnlari tadbirkorlar tomonidan olib tashlandi.

Konimexda 3 ming tonnadan ziyod don yig‘ishtirib olindi

Konimex tumanida 2021 yil hosili uchun 35 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 1785 gektar maydonda boshoqli don ekinlari parvarishlanib, davlatga 3332 tonna g‘alla topshirildi.  

“Aymiken”, “Shamshi Ata”, “Avaz”, “Uchqun Norqul o‘g‘li”, “Sho‘rko‘l Oqtepa” “Nurlan”, fermer xo‘jaliklari, “Chordara mulk servis” MCHJ “Grom”, “Andijon-2”, “Krasnadarskaya-99” bug‘doy navlarini ekib, 70-75 sentnerdan hosil oldi.  

Sohaga e’tibor tufayli yil sayin rentabellik ortib, fermerlarning daromadiga daromad qo‘shilib bormoqda. Dehqonlarning faqatgina boshoqli dondan olgan sof foydasi 2020 yilda 13,6 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bu yilgi ko‘rsatkich 16,2 milliard so‘mga yetishi kutilyapti.  

Soliq boshqarmasi boshlig‘i va’dasini bajardi

“Yoshlar kasbiy sayohat” loyihasi doirasida 20 nafar g‘ozg‘onlik yoshlar soliq sohasidagi islohotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida viloyat davlat soliq boshqarmasida bo‘ldi.

Ular tizimda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, boshqarma bo‘limlarining funksional vazifalari xususida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Shuningdek, soliqqa oid boshlang‘ich tushunchalar haqida yoshlarga qisqa daqiqalik dars mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Faol va tashabbuskor yoshlarga boshqarma rahbariyati tomonidan badiiy adabiyotlar hamda esdalik sovg‘alari ulashildi.

Sayohat joriy yilning 9 iyun kuni Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Anvarjon Botiraliyevning G‘ozg‘on shahridagi sayyor qabulida yoshlar tomonidan bildirilgan takliflari asosida tashkil etildi.

“Yangi Zarafshon”da yangi tikuv sexi ish boshladi

Zarafshon shahar prokurori, 2-sektor rahbari Sherzod Haydarov tashabbusi bilan “Yangi Zarafshon” mahallasida “Nargiza” tikuv sexi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.  

Tikuv sexiga mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 10 nafar xotin-qiz ishga joylashtirildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA