Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari qisqa satrlarda
10:13 / 2021-04-30

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi past bo‘lgan mahallalarda vazifalar belgilab olindi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazir o‘rinbosari Botir Parpiyev ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda “Obod qishloq” dasturi ijrosi bo‘yicha Nurota tumanida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi past bo‘lgan mahalla fuqarolar yig‘inlarida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘inlarida qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish, hududlarning yo‘l-transport ifratuzilmasi, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini rivojlantirish va shu asosda aholining farovonligi hamda turmush darajasini yanada yuksaltirishga qaratilgan tizimli vazifalar belgilab berildi.

“Biz yoshlarga madadkormiz” loyihasi amalda  

Karmana tumanida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 28 nafar yoshga ularning bandligini ta’minlash, moddiy farovonligini yaxshilash maqsadida imtiyozli kreditlar asosida motokultivator va yuk tashishga mo‘ljallangan mototsikllar topshirildi.  

– Men 26 yoshdaman, oilamga moddiy tomondan ko‘mak berish istagida edim, – deydi “Pahlavon” mahallasida yashovchi Manzura Nasimova. – Bugun biz, yoshlarga yuk tashishga mo‘ljallangan zamonaviy mototsikl kaliti topshirildi. Oilamizdagi hisob-kitoblarimizga ko‘ra, ushbu ulov vositasi orqali aholiga xizmat ko‘rsatib, kunlik 250-300 ming so‘m atrofida daromad olishimiz mumkin ekan.

Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida

Navoiy davlat pedagogika instituti, Tomdi tuman hokimligi, tuman xalq ta’limi bo‘limi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.  

Tomonlarning o‘zaro kelishuvidan keyin tumandagi umumta’lim maktablari bitiruvchi sinf o‘quvchilari ishtirokida "Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida" shiori ostida uchrashuv tashkil etildi.  

Unda bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim yurtiga kirishi uchun yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar haqida fikrlar bildirilib, bitiruvchilarni oliy ta’lim yurtiga jalb qilish uchun ekskursiyalar tashkil etish, kam ball hisobiga o‘qishga qabul qilish, ZOOM platformasi orqali bepul repetitor o‘quvlarini tashkil etish, o‘qishga kirish testlarining qozoq tilida olinishi to‘g‘risida batafsil tushunchalar berildi.  

Maktabgacha ta’lim-tarbiyada yangicha yondashuvlar

Nurota tumanining olis hududlari – Yangibino, Xayrobod hamda Jarma qishloqlarida Mobil guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 sentyabrdagi "Mobil guruhlar bazasida maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, "Yangihayot” MFY Xayrobod qishloq hududidagi mobil guruhida "Mobil guruh tarbiyalanuvchilariga ta’lim-tarbiya berish usullari” mavzusida viloyat seminari tashkil etildi.

Seminar doirasida "Yer sayyorasi – umumiy uyimiz” mavzusida o‘tkazilgan mashg‘ulot noan’anaviy uslublarga tayangan tarzda tashkil etilib, unda bolajonlarning egallayotgan nazariy bilimlarini bugungi kun bilan bog‘lash, AKTdan o‘rinli foydalanish, bolalar nutqini rivojlantirish, tafakkurini kengaytirish, milliy qadriyatlarimizga o‘zaro hurmat, vatanparvarlik hissini uyg‘otish, Ona-tabiatimizni asrab-avaylashga o‘z hissasini qo‘shish kabi tuyg‘ularni shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Qishloq hududlarining har birida 2 tadan jami 6 ta guruh tashkil etilib, ularga 96 nafar maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar qamrab olingan.  

Ushbu mobil guruhlar tumandagi 1-sonli “Qaldirg‘och” davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga biriktirildi.

"Zarafshon" jamoasi yakuniy bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

Oliy Majlis Senati Kengashining 2020 yil 30 dekabridagi qaroriga ko‘ra, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va devoni xodimlari sportning futbol, voleybol, badminton va stol tennisi turlari bo‘yicha uch bosqichda bellashdi.

Buxoro viloyatida o‘tkazilgan voleybol musobaqasining ikkinchi bosqichida Navoiy viloyati, Samarqand va Buxoro viloyati deputatlari o‘zaro kuch sinashdi.

Natijalarga ko‘ra, Navoiy viloyatining "Zarafshon" jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, “Oliy Majlis Senati raisi kubogi” respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA