English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy viloyati xabarlari qisqa satrlarda
21:27 / 2021-04-23

Tuman markazidagi bog‘cha foydalanishga topshirildi

Karmana tuman markazida joylashgan 1-maktabgacha ta’lim tashkiloti “G‘olib Begzod” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan 3 milliard 600 million so‘m mablag‘ evaziga qayta ta’mirlandi.

Mazkur bog‘cha 150 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 yanvardagi “2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2020 yilda maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilish manzilli dasturiga asosan bunyod etildi.

***

Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi

Navoiy viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida “Innovatsion yondashuvlar asosida milliy ta’lim tizimini takomillashtirish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda Navoiy davlat pedagogika instituti, Buxoro davlat universiteti, A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti, Xalq ta’limi vazirligi, Hindistonning Amiti universiteti, Kolumbiya universitetining xalqaro ta’limni rivojlantirish bo‘yicha treneri, Shvetsariyaning Zurich universiteti, Yaponiyaning Hokkaido universiteti, A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti professor o‘qituvchilari va tadqiqotchilari ishtirok etdi.

Anjumanda ta’limda innovatsiyalar, nazariya va amaliyot, ta’lim jarayonining psixologik va pedagogik jihatlari, muammolar va yechimlar hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ta’lim jarayonlarini tashkil etish, boshqarish va baholash, sifat menejmenti tizimini takomillashtirishning zamonaviy usullari, izlanishlar, global ta’lim va fan, muammolar, tahlillar va istiqbollari haqida so‘z yuritildi.

***

Tadbirkor qonun himoyasida

Sud-huquq tizimida odil sudlovni amalga oshirishda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan holatlarni bartaraf etishga e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudi raisi Nodirjon Rasulov ishtirokida AITB “Ipak yo‘li” Navoiy filialida tadbirkorlik sub’ektlari bilan huquqiy tushuntirish yuzasidan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Unda turli banklarning 30 dan ortiq da’vo arizasi taraflar ishtirokida mazmunan ko‘rib chiqildi.

Ishlarni ko‘rish jarayonida 8 ta tadbirkorlik sub’ektiga huquqiy tushuntirishlar berilib, kreditlarni to‘lash uchun sud tomonidan bir necha kun imkon berilishi natijasida ular muddati o‘tgan kredit va foizlarni to‘lash grafigiga yetib oldi. Shuningdek, 8 ta tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan bo‘lgan da’volar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 122-moddasi, 9-bandiga ko‘ra, ko‘rmasdan qoldirildi va ular davlat foydasiga davlat boji to‘lamaydigan bo‘ldi.

Tadbir yakunida tadbirkorlik sub’ektlariga shartnoma intizomiga rioya qilish va banklarga davlat iqtisodiyotining asosiy tayanchi bo‘lgan tadbirkorlarga nizoli kreditlarni to‘lashda ko‘mak berish lozimligi bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

***

Deputatdan yangicha tashabbus

Uchquduq tumanida muqaddas Ramazon oyida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Shahnoza Murodova tashabbusi bilan xayr-saxovat uchun “Saxovat do‘konchasi” tashkil etildi.

“Ehtiyojing bo‘lsa ol, imkoning bo‘lsa sol” shiori ostida tashkil etilgan do‘konchada savobtalab insonlar tomonidan oziq-ovqat, yashash tarzi uchun zarur mahsulot va buyumlar qo‘yib kelinmoqda. Ehtiyojmandlar esa bundan foydalanishi mumkin.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA