Nurota tuman prokuraturasi binosi foydalanishga topshirildi
Nurota tumani markazida yangi va zamonaviy prokuratura binosi foydalanishga topshirildi.
8 milliard 200 million so‘m mablag‘ sarflangan ushbu bino A.Islomov rahbarligidagi “Nur inshoot qurilish” XK tomonidan bunyod etildi.
Ushbu binoda qonun himoyachilarini to‘laqonli faoliyat olib borishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
***
75 o‘rinli bog‘cha ish boshladi
Qiziltepa tumanining Arabxona mahallasida davlat-xususiy sherikchilik asosidagi “Arabxona yoshlari” nomli bog‘cha foydalanishga topshirildi.
Loyiha qiymati 2 milliard so‘m bo‘lgan mazkur bolalar bog‘chasi o‘z bag‘riga 75 nafar tarbiyalanuvchini sig‘dira oladi. Ta’lim-tarbiya maskanida rus va ingliz tillari, mental arifmetika chuqurlashtirilgan holda o‘rgatiladi.


***
33 million so‘mlik avia chiptalari puli egalariga qaytarildi
Navoiy viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining bir guruh shifokorlari aprel oyida chet ellik soha vakillari bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatish hamda malaka oshirish maqsadida Hindistonga borib kelishmoqchi bo‘lishadi.
Navoiy shahrida joylashgan “Omad Avia” MCHJdan 33 million so‘mga aviabilet sotib olinadi. Ammo karantin sababli reyslar bekor qilingach, safar qoldiriladi. Afsuski, MCHJ tomonidan avia chiptalar puli oradan 5 oy o‘tsa ham egalariga qaytarilmaydi.
Sarson bo‘lgan shifokorlar O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Navoiy viloyat hududiy birlashmasiga murojaat qilishgan. Birlashma mutaxassislarining aralashuvi bilan 33 million so‘m mablag‘ iste’molchilarga qaytarib olib berilgan.
***
140 tonna sement firibgarni «bosib qoldi»
Buxoro viloyatining Kogon tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan R.N. aldov yo‘li bilan zarafshonlik D.L. ning ishonchiga kirib, Eronda ishlab chiqarilgan “Tarbat” nomli sementdan 140 tonnasini yetkazib berishni va’da qilgan.
Qurilish mollari savdosi bilan shug‘ullanuvchi D.L. «ishbilarmon»ning va’dasiga ishonib, 8 ming dollar va 600 ming so‘m pulini o‘z qo‘li bilan topshiradi.
Ammo belgilangan muddat o‘tsada, na sement keldi, na puli qaytarildi. Firibgar mablag‘ni o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yubordi.
Holat yuzasidan R.N. ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA